Tarix fanidan oʻtgan yilgi attestatsiyada qatnashgan pedagoglarga ball qoʻshib beriladi

12:44 02 Mart 2026 Jamiyat
385 0

Tarix fanidan oʻtgan yilgi attestatsiya sinovlarida qatnashgan ayrim pedagoglarga ball qoʻshib beriladi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlumki, 2025-yilning aprel may oylarida oʻtkazilgan attestatsiya sinovlarida tarix fanidan keltirilgan bir savol javobi boʻyicha pedagoglar oʻrtasida eʼtiroz paydo boʻlgandi.

Maʼlum qilinishicha, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida mazkur masala yuzasidan tarixchi olimlar ishtirokida muhokama va suhbatlar tashkil etilgan. Ekspertlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ham taklif etilib, ularning fikr-mulohazalari tinglangan.

Natijada, bahs-munozaralarga sabab boʻlgan savol mazmunida ilmiy talqinlar oʻrtasida tafovut mavjudligi, savol tuzilishida aniqlashtirish zarurati borligi sababli pedagog kadrlarning manfaatlarini inobatga olgan holda, testda ushbu savol tushgan pedagoglarning attestatsiya natijalariga tegishli oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiq, deb topilgan.

“Bunda ushbu test savol uchun bir nechta javob variantlarni (A) Langobardlar, B) Vestgotlar) toʻgʻri deb qabul qilinishi hamda oʻquv adabiyotlari mazmunini aniqlashtirish boʻyicha ilmiy-metodik ishlar tashkil etilishini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?