Nodavlat oliygohlar faoliyati “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi orqali nazorat qilinadi

12:11 27 Fevral 2026 Jamiyat
326 0

Nodavlat oliygohlar faoliyati “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi orqali nazoratga olinadi. Bu haqida “Taʼlim xabarlari” Telegram-kanali xabar berdi.

Muhokamalar portaliga joylashtirilgan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi loyihasiga koʻra, nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oid qonunchilik buzilishi xavfini tahlil etishning elektron tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi. Loyihaga koʻra, Tadbirkorlik subyekti qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni “Xavfni tahlil qilish” elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida elektron tizim orqali amalga oshirish rejalashtirilgan:

  • maʼmuriy maʼlumotlar (litsenziya yoki tasdiqnoma);
  • davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
  • yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
  • ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining anonim emasligi hamda tekshiruv oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik subyektining amalda faoliyat koʻrsatayotganligi, Vazirlik xodimlari tomonidan dastlab oʻrganib chiqilishi lozim. Nodavlat universitetda tekshirish oʻtkazilgandan keyin ushbu tadbirkorlik subyektining xavfni tahlil qilish tizimiga asosan baholangan ballar yigʻindisi yangilanadi.

Shuningdek, xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantiriladigan mezonlar va koʻrsatkichlarga Vazirlik vakolati doirasida tegishli yoʻnalishlar kesimida faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.

Aniqlangan xavf darajasi umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyektlari tomonidan nodavlat oliy taʼlim xizmatlariga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi 3 xil turga tasniflanadi:

  • xavfi yuqori – baholash natijalari boʻyicha 81 va undan yuqori ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
  • xavfi oʻrta – baholash natijalari boʻyicha 61 balldan 80 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
  • xavfi past – baholash natijalari boʻyicha 60 ball va undan kam boʻlgan tadbirkorlik subyektlari.

Baholash natijalariga muvofiq xavf darajasi yuqori boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari oʻtkaziladi va tekshiruvga tashabbus qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, xavf darajasi oʻrta boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari oʻtkazilgandan soʻng ham huquqbuzarlik sodir etish alomatlari (bir chorak davomida) ijobiy tomonga oʻzgarmagan holatlardagina tekshiruvga tashabbus qilinishi mumkin.

“Xavfni tahlil etish” elektron tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini uning axborot tizimidagi shaxsiy kabineti yoki pochta aloqasi (agar elektron shaklda xabardor etishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmasa) orqali xabardor qilinadi.

Huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlarini oʻtkazmasdan va ularning natijasini kutmasdan quyidagi holatlar doirasida tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqish mumkin:

  • aniq fakt va hollar boʻyicha fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaxslarning hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfining oldini olish yoki bartaraf etish uchun (jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, davlat organlari va tashkilotlari maʼlumotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalaridan olingan maʼlumotlar);
  • tadbirkorlik subyekti tegishli litsenziyasiz yoki ruxsat etuvchi hujjatlarsiz noqonuniy faoliyat koʻrsatayotganligi aniqlanganda.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?