Surxondaryodagi koʻmir zaxirasining atigi 1 foizi qazib olinayotgani aytildi

11:56 27 Fevral 2026 Siyosat
311 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yigʻilishda Surxondaryo viloyati hokimi, tuman hokimlari oldida joriy yilda investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi.

Hududda kambagʻallikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqoʻrgʻon, Qiziriq va Muzrabotni “kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish muhim ekani taʼkidlandi.

Viloyat iqtisodiyotida sanoatning ulushi soʻnggi 9-yilda 5 karra oʻsib, 10 foizga yetdi. Lekin bu hali ham kamligi qayd etildi.

Viloyatda 100 million tonna koʻmir zaxirasi boʻlgani bilan yiliga atigi 1 foizi qazib olinyapti. Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida koʻmir qazib olishni boshlash topshirildi.

Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi koʻmirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar 1 milliard dollar kiritishga tayyor.

Umuman, mazkur zaxiralar – elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya, avtomobilsozlik tarmoqlari uchun tayyor xomashyo bazasi. Bu konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish boʻyicha hisob-kitob qilib, kamida 200 million dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.

Boysundagi “Bezaktop” konida sifati Eron, Turkiya, Italiya bilan raqobatlasha oladigan tabiiy tosh zaxiralari oʻrganilmay turibdi. Bunday toshlar zaxirasi boʻlgan konlarda geologiya ishlarini boshlashga koʻrsatma berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?