Rossiya-Ukraina urushining toʻrt yilligi: tomonlar yoʻqotishlar evaziga nimalarga erishdi?

19:00 26 Fevral 2026 Dunyo
1129 0

Joriy yilning 24-fevral kuni Rossiya-Ukraina urushi boshlanganiga roppa-rosa toʻrt yil toʻldi. 2022-yilning ayni shu kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga nisbatan “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini eʼlon qilgan edi. Rossiya tomoni bu harakatni NATOning sharqqa tomon kengayishi va Ukrainaning harbiy bloklarga qoʻshilish ehtimolini oʻz milliy xavfsizligiga tahdid sifatida koʻrayotgani bilan izohladi.

Oʻz navbatida, Ukraina tomoni bu vaziyatni suveren davlat hududiga asossiz bostirib kirish va xalqaro huquq normalarini buzish deb baholab, oʻz hududiy yaxlitligini hamda mustaqilligini himoya qilish uchun keng koʻlamli mudofaa harakatlarini boshladi. Shu tariqa zamonaviy dunyo tarixidagi eng yirik va qonli toʻqnashuv boshlanib, millionlab insonlar hayotining oʻzgarib ketishiga sabab boʻldi.

Bugungi kunga kelib, 1463 kundan buyon davom etib kelayotgan Ukraina–Rossiya urushida vaziyat boshi berk koʻchaga kirib qolgandek goʻyo. Oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha olib borilayotgan muzokaralarda oldinga siljish kuzatilmayapti. Sababi ikkala tomon ham sulh tuzish uchun qoʻyilgan talab va takliflarni oʻz manfaatlariga zid deb baholashmoqda. Ushbu maqolada toʻrt yildan buyon davom etayotgan Ukraina-Rossiya urushining oqibatlari hamda iqtisodiy zararlari haqida soʻz yuritamiz.

Front chizigʻining oʻzgarib borishi

Urushning oʻtgan davri mobaynida front chizigʻi bir necha bor oʻzgardi. Dastlabki bosqichda Rossiya qoʻshinlari shimoliy, sharqiy va janubiy yoʻnalishlardan Ukraina hududiga kirib kelgan boʻlsa, keyinchalik strategik chekinishlar va qarshi hujumlar natijasida Kiyev, Chernigov, Sumi va Xarkov viloyatlarining bir qismi hamda Xerson shahri Ukraina nazoratiga qaytarildi. 2026-yilning fevral oyi holatiga koʻra, asosiy jangovar harakatlar Ukrainaning sharqiy va janubiy hududlarida davom etmoqda.

Rossiya tomoni Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporojye viloyatlarini oʻz tarkibiga qoʻshib olganini eʼlon qilgan, biroq xalqaro hamjamiyatning katta qismi bu hududlar okkupatsiya qilingan deb hisoblaydi. Ushbu mojaro davomida har ikki tomon ham oʻzlarining oʻn yilliklar davomida toʻplagan strategik zaxiralarini, inson kapitalini va texnologik salohiyatini harbiy maqsadlar uchun sarflamoqda. Bu holat tahlilchilar tomonidan “iqtisodiy oʻz-oʻzini yoʻq qilish” jarayoni deb atalmoqda.

Urush sharoitida Rossiyaning ulkan xomashyo imkoniyatlari xalqaro sanksiyalar va xarajatlar bosimi ostida qolgan. Ukrainaning esa sanoat va qishloq xoʻjaligi infratuzilmasi trillionlab dollar zarar koʻrib, global energiya va oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetgan. Bugungi kunda bu qarama-qarshilik nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo iqtisodiyoti va insoniyat taraqqiyotini sezilarli darajada orqaga surayotgan global inqiroz nuqtasida turibdi.

Rossiya toʻrt yillik yoʻqotishlar evaziga nimaga erishdi?

Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunga kelib, Rossiya iqtisodiyoti va harbiy salohiyati “charchatuvchi urush” bosqichida turibdi. 2022-yilda Rossiyaning harbiy xarajatlari YAIMning atigi 3,6 foiz qismini tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilgi kelib byudjet loyihasida bu koʻrsatkich rekord darajadagi 10,8 foiz gacha koʻtarilgan. Umumiy davlat xarajatlarining qariyb 40 foiz qismi, taxminan 160 mlrd dollardan ortiq mablagʻlar bevosita mudofaa va xavfsizlikka yoʻnaltirilmoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining oʻta harbiylashganini va fuqarolik sektoriga ajratiladigan mablagʻlarning sezilarli darajada qisqarganini koʻrsatadi.

Toʻrt yil davomida harbiy harakatlar tufayli halok boʻlgan va ogʻir yaralangan rossiyaliklar soni 1,2 million nafardan oshgan. Bu esa Rossiya mehnat bozorida 2,4 million kishilik ishchi kuchi tanqisligini keltirib chiqargan. Harbiy texnika yoʻqotishlari ham hayratlanarli koʻrinishga ega. Jami 24 000 dan ortiq ogʻir texnika, jumladan, 3 500 dan ortiq tank va 7 000 ga yaqin zirhli mashinalar utilizatsiya qilingan. Rossiya bu yoʻqotishlarni qoplash uchun oʻz sanoatini 24/7 ish rejimiga oʻtkazgan boʻlsada, mutaxassislar texnologik qoloqlik sababli yangi ishlab chiqarilayotgan texnikalarning sifati sovet davridagi modellardan ham past ekanini taʼkidlashmoqda.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Rossiya Ukraina hududining qariyb 18 foiz qismini nazorat qilmoqda. Shundan Donesk viloyatining 60 foizga yaqini, Luganskning 95 foizdan ortigʻi, Zaporojye va Xerson viloyatlarining esa taxminan 70 foiz qismi Rossiya nazorati ostida qolmoqda. Biroq Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qoʻshilgani eʼlon qilingan toʻrtta viloyatning birortasi, hatto toʻrt yil oʻtib ham, toʻliq maʼmuriy chegaralari boʻyicha egallangani yoʻq. Eng yirik yutuq sifatida Qrimni Rossiya bilan bogʻlaydigan 180 kmlik quruqlik yoʻlagining shakllantirilganini koʻrsatish mumkin.

Siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlar Rossiyani dunyoning eng koʻp sanksiyalangan davlatiga aylantirdi. Mamlakat jami 16 500 dan ortiq individual va korporativ cheklovlarga duch kelgan. 2026-yilga kelib, Rossiya energiya eksportining 85 foiz qismi Xitoy va Hindiston hissasiga toʻgʻri kelmoqda, biroq bu savdo 20-30 foizgacha chegirmalar bilan amalga oshirilmoqda. Tahlilchilarning fikricha, Rossiya bugungi kunda “miqdor sifatdan ustun” degan tamoyil asosida front chizigʻini ushlab turibdi. Bu esa qisqa muddatga barqarorlikdek koʻrinsada, uzoq muddatda mamlakatning texnologik va ijtimoiy poydevorini yemiradi.

Ukrainaning toʻrt yillik qarshiligi yoxud trillion dollarlik zarar

Ukraina uchun ushbu urushning eng dahshatli raqamlaridan biri — bu iqtisodiyot va infratuzilmaga yetkazilgan zarardir. 2026-yilga kelib, mamlakatni qayta tiklash uchun zarur boʻlgan mablagʻ 700 milliard dollardan oshib ketgan. Urush davomida 160 000 dan ortiq turar-joy binolari, 3 500 dan ortiq taʼlim muassasasi va 1 200 dan ortiq tibbiyot maskanlari vayron qilingan yoki jiddiy shikastlangan.

2026-yilga kelib Ukrainaning elektr ishlab chiqarish quvvati 2022-yilga nisbatan 55-60 foizga qisqargan. Bu esa mamlakatning energetika tizimi ogʻir zarbalar qabul qilib olganidan dalolatdir. Ukrainadagi insoniy talafotlar va demografik inqiroz ham misli koʻrilmagan darajaga yetgan.

Soʻnggi hisob-kitoblarga koʻra, harbiy va tinch aholi orasidagi halok boʻlgan va yaralanganlarning umumiy soni 500 000 kishidan ortgan. Bundan tashqari, 6,5 milliondan ortiq ukrainalik xorijda qochqin sifatida qolmoqda, mamlakat ichida esa 3,7 milliondan ortiq kishi oʻz uyini tashlab ketishga majbur boʻlgan. Bu jarayon Ukraina mehnat bozorini 30 foizga qisqartirib yuborgan.

2026-yilga kelib Ukraina oʻz xalqaro tan olingan hududlarining qariyb 80 foiz qismini, jumladan, poytaxt va barcha yirik sanoat markazlarini oʻz nazoratida saqlab turibdi.

Mazkur urush tufayli Ukraina armiyasi dunyoning eng zamonaviy “texnologik poligoniga” aylangani ham sir emas. Hozirda mamlakat qurolli kuchlarining 75 foizdan ortigʻi NATO standartidagi qurollar bilan taʼminlangan va mamlakat oyiga 50 000 dan ortiq turli rusumdagi dronlar ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan. Mamlakat iqtisodiyoti bugungi kunda toʻliq “tashqi donorlik” modelida ishlamoqda. Yillik byudjet taqchilligi 40-45 mlrd dollar atrofida boʻlib, bu mablagʻning asosiy qismi AQSH, YEI va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan qoplanmoqda. Joriy yilga kelib Ukraina YAIM urushning birinchi yilidagi 30 foizlik qulashdan soʻng, yillik 2-3 foizlik oʻsish surʼatiga qaytgan boʻlsada, bu oʻsish faqat harbiy sanoat va tashqi yordam hisobiga amalga oshmoqda.

Tahlilchilar Ukrainaning kelajakdagi muvaffaqiyati nafaqat frontga, balki taxminan 300 milliard dollarlik muzlatilgan Rossiya aktivlarining Ukrainaga oʻtkazilishi boʻyicha yakuniy siyosiy qarorga ham bogʻliq ekanini taʼkidlamoqda.

Global yoʻqotishlar va umumiy talafotlar

Toʻrt yil davomida har ikki tomondan halok boʻlgan va yaralangan harbiylar hamda tinch aholining umumiy soni 1,7 million kishidan oshgan. Bu raqam Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik insoniy fojia hisoblanadi. Moddiy jihatdan esa, dunyo iqtisodiyoti ushbu urush va uning ortidan kelib chiqqan energiya hamda oziq-ovqat inqirozi sababli taxminan 2,5-3 trillion dollar miqdoridagi potensial yalpi mahsulotni boy bergan.

Urush maydonidagi texnik talafotlar ham hayratlanarli darajada katta. Jami 35 000 dan ortiq ogʻir harbiy texnika yoʻq qilingan. Agar ushbu texnikalarni ishlab chiqarishga sarflangan mablagʻlar ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilganida, dunyo boʻylab oʻrtacha 15 milliondan ortiq bolaning sifatli taʼlim va tibbiy xizmat olishini taʼminlash mumkin edi.

Urush qachon va qanday tugashi mumkin?

Tahlilchilar 2026-yildan keyingi vaziyat uchun uchta asosiy ssenariyni ilgari surmoqda.

“Muzlatilgan mojaro”. Har ikki tomon ham strategik charchoq holatiga kelishi natijasida faol jangovar harakatlar toʻxtatiladi, biroq rasmiy tinchlik shartnomasi imzolanmaydi. Bu holatda hozirgi front chizigʻi oʻn yillab saqlanib qolishi va hududlar “munozarali” boʻlib qolishi mumkin.

Uzoq davom etuvchi pozitsion urush. Rossiya va Ukraina oʻz resurslarini maksimal darajada safarbar qilishda davom etadi. Bu ssenariyda global iqtisodiy bosim kuchayadi va har ikki davlatning demografik poydevori butunlay yemirilishi xavfi tugʻiladi.

Diplomatik kelishuv. Xalqaro vositachilar, masalan, Xitoy, Turkiya yoki BMT bosimi ostida tomonlar yon berishga majbur boʻladi. Bunda Ukraina xavfsizlik kafolatlari va YEIga aʼzolik evaziga maʼlum hududiy yoʻqotishlarga rozi boʻlishi, Rossiya esa sanksiyalarning yumshatilishini talab qilishi mumkin.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?