Navoiyda jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi

16:14 26 Fevral 2026 Jamiyat
758 0

Navoiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ilk bor jigar transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Operatsiya Milliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari, Jasur Sobirov va Ahror Safarov boshchiligidagi jamoa hamda viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining Murod Ahmedov rahbarligidagi malakali mutaxassislari hamkorligida amalga oshirildi.

— Bemor Sherzod Joʻrayev 1983-yilda tugʻilgan boʻlib, uzoq yillar davomida jigar sirrozi kasali bilan ogʻrishi oqibati jigar yetishmovchiligiga olib kelgan, — deydi tibbiyot fanlari doktori Jasur Sobirov. — Konservativ davolash usullari samara bermagani sababli transplantatsiya yagona umidga aylangan.

Bemorga turmush oʻrtogʻi Nargiza Roʻziyeva donorlik qilishga rozi boʻldi. Har ikki mijoz operatsiyaga tayyorlandi. Barcha laborator tahlillar, KT va MRT tekshiruvlari, qon guruhi va toʻqima mosligi aniqlandi, kardiologik va anesteziologik baholashlar amalga oshirildi. Koʻp tarmoqli konsiliumning ijobiy xulosasi olindi.

Operatsiya 12 soat davom etdi.

— Ikkita operatsiya brigadasi bir vaqtning oʻzida ishlab, birida donordan jigarning bir qismi ajratib olingan boʻlsa, — deydi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining rahbari Murod Ahmedov. — Ikkinchisida retsipiyentga transplantatsiya amalga oshirildi. Ayni vaqtda donor va retsipiyentning ahvoli va gemodinamik koʻrsatkichlar barqaror, shuningdek, transplantat funksiyasi qoniqarli hamda doimiy tibbiy nazorat ostida. Retsipiyentga tasdiqlangan protokol asosida immunosupressiv terapiya tayinlangan. Barcha laborator koʻrsatkichlar muntazam nazorat qilinmoqda. Infeksion va tromboembolik asoratlarning oldi olinmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, ushbu operatsiya bir bemor hayotini saqlab qolish yoʻlidagi shunchaki voqea emas, balki Navoiy viloyati sogʻliqni saqlash tizimida toʻliq shakllangan transplantatsiya dasturining boshlanishi hamdir. Endilikda jigarning ogʻir va terminal bosqichdagi kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar malakali, zamonaviy va yuqori texnologiyali tibbiy yordamni oʻz hududida olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?