AQSh Isroildagi bazaga F-22 qiruvchi samolyotlarini joylashtirdi

13:31 26 Fevral 2026 Dunyo
500 0

Internetda tarqalgan videotasvirlarga koʻra, AQSH armiyasining tanker samolyotlari Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroportida saf tortgan. Bu haqida BILD nashri xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, shu yilning 24-fevral kuni Qoʻshma Shtatlar Isroil hududidagi bazaga 12 ta F-22 qiruvchi samolyotlarini joylashtirgan. Tahlilchilarning fikricha, ushbu qiruvchi uchoqlar Eronga nisbatan ehtimoliy urush holatida uning Yamandagi ittifoqchilari tomonidan beriladigan zarbalarni toʻxtatishga safarbar qilinishi mumkin.

Sababi bu turdagi qiruvchi samolyotlar aynan javob zarbalari sifatida berilishi mumkin boʻlgan harbiy harakatlarda hujumni toʻxtatish uchun katta salohiyatga egaligi bilan ajralib turadi.

Shuningdek, AQSHning ikkinchi aviatashuvchisi “USS Gerald R. Ford” floti Oʻrta yer dengiziga yetib kelgan va yaqin kunlarda Isroilning Hayfa shahri yaqinida langar tashlashi rejalashtirilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp Eron rasmiylari bilan muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolgan taqdirda, mamlakatga qarshi harbiy harakat boshlash uchun tayyor boʻlish muhim ahamiyatga ega ekanini bildirgan.

Maʼlumot uchun, AQSH Eronga yadroviy va raketa dasturlariga toʻliq chek qoʻyish, shuningdek, mintaqadagi HAMAS, Hizbulloh va husiylar kabi Eron bilan ittifoqdosh guruhlarni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatish shartini qoʻymoqda. Avvalroq, Oq uy rahbari Tehronga muzokaralarda kelishuvga erishish uchun ikki hafta muhlat berilgani toʻgʻrisida xabarlar tarqalgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?