Tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor — isteʼmol savatchasi haqida
Yaqin-yaqingacha isteʼmol savatchasi iborasi koʻpchiligimiz uchun iqtisodiy darsliklardagi mavhum bir tushuncha boʻlib tuyulardi. Biroq bozor iqtisodiyoti tamoyillari hayotimizga chuqur kirib kelishi bilan, ushbu atama ham keng qoʻllanila boshlandi.
Isteʼmol savatchasi — bu insonning bir oy yoki yil davomida normal yashashi, salomatligini saqlashi va mehnat qobiliyatini taʼminlashi uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari, jumladan, kiyim-kechak, dori-darmon, kommunal toʻlovlar, transport kabi xizmatlarining eng kam toʻplami hisoblanadi.

Koʻplab Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari, jumladan, Oʻzbekistonda ham bu atama inson salomatligini saqlash va hayotiy faolligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan minimal oziq-ovqat, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar majmuasini anglatadi. Aksariyat taraqqiy etgan davlatlarda aholiga beriladigan ijtimoiy nafaqalar, pensiya va eng kam ish haqi miqdori aynan ushbu savatcha qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Shuningdek, u mamlakatdagi inflyatsiya darajasi va isteʼmol narxlari indeksini aniqlashda ham asosiy oʻlchov vazifasini oʻtaydi.
Aholining turmush tarzida isteʼmol savatchasi shunchaki statistik koʻrsatkich emas, balki ijtimoiy himoya kafolati hamdir. U davlatga aholining real ehtiyojlarini koʻrish imkonini bersa, fuqaroga oʻzining hayot darajasini baholash uchun aniq mezon taqdim etadi.

Isteʼmol savatchasi har bir davlatning milliy mentaliteti va taraqqiyot darajasiga qarab turlicha shakllanadi. Masalan, Gʻarbiy Yevropada (Fransiya, Buyuk Britaniya) savatcha tarkibiga nafaqat non yoki sut, balki teatr chiptalari, fitnes markazlariga obunalar, uy hayvonlari uchun ozuqa va hatto sifatli vino kabi ehtiyojlar ham kiritilgan. Ularda savatcha 300 tadan 700 tagacha tovar va xizmatlarni oʻz ichiga oladi. AQSHda esa urgʻu koʻproq texnologiya va xizmatlarga qaratiladi. Xususan avtomobil sugʻurtasi, yuqori tezlikdagi internet va taʼlim xarajatlari shular jumlasidandir. Rivojlanayotgan davlatlarda savatcha tarkibining 50-60 foizi faqat oziq-ovqat mahsulotlariga yoʻnaltirilmoqda.
Isteʼmol savatchasining asosi — bu minimal kunlik kaloriya emas, balki ratsional ovqatlanish boʻlishi shart. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, inson kuniga oʻrtacha 2100-2500 kilokaloriya energiya olishi lozim. Biroq bu kaloriyalar faqat non yoki kartoshka hisobiga toʻldirilsa, organizmda “yashirin ochlik” yuzaga keladi. Yaʼni, inson toʻq boʻlsada, uning hujayralari vitaminlar va mikroelementlar yetishmasligidan aziyat chekadi. Tibbiy nuqtayi nazardan, isteʼmol savatchasidan joy olishi kerak boʻlgan mahsulotlarda oqsillar, uglevodlarga boy boʻlgan tovarlarning ham boʻlishi tavsiya etiladi. Ushbu mahsulotlar inson salomatligida koʻp uchrashi mumkin boʻlgan anemiya, semizlik va endokrin kasalliklarining oldini olishda muhim rol oʻynaydi.

Mutaxassislarning fikricha, isteʼmol savatchasidan joy oladigan mahsulotlar roʻyxatini tuzayotganda faqatgina iqtisodchilar bilan maslahatlashish bilan cheklanmay, diyetolog hamda shifokorlarning ham tavsiyalariga amal qilish samarali natija beradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda isteʼmol savatchasi real ijtimoiy himoya vositasiga aylanmoqda. Oʻzbekistonliklar uchun minimal hayot darajasini belgilovchi asosiy komponentlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oziq-ovqat mahsulotlari:
- Non va don mahsulotlari: Un, non, makaron, guruch, mosh va boshqa yormalar;
- Goʻsht mahsulotlari: Mol goʻshti, qoʻy goʻshti, parranda goʻshti va kolbasa mahsulotlari;
- Sut va tuxum: Sut, qatiq, tvorog, pishloq va tovuq tuxumi;
- Sabzavot va poliz mahsulotlari: Kartoshka, piyoz, sabzi, pomidor, bodring, karam;
- Mevalar: Olma, nok, uzum, banan, sitrus mevalar;
- Yogʻ va shakar: Paxta va kungaboqar yogʻi, sariyogʻ, shakar, choy.
Nooziq-ovqat tovarlari:
- Kiyim-kechak va poyabzallar;
- Dori-darmon va shaxsiy gigiyena vositalari;
- Maishiy texnika va uy-joy jihozlari.
Xizmatlar:
- Kommunal xizmatlar: Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti;
- Transport va aloqa: Jamoat transporti chiptalari, benzin/metan, mobil aloqa va internet xizmatlari;
- Boshqa xizmatlar: Maishiy xizmatlar (sartaroshxona), taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlari.

Iqtisodchilarning taʼkidlashicha, rivojlanayotgan mamlakatlardagi isteʼmol savatchasidan oʻrin olayotgan tovarlarning 50 foizdan ortigʻi hali ham oziq-ovqat mahsulotlariga yoʻnaltirilmoqda. Bu esa aholi oʻz daromadlarining asosiy qismini aynan oziq-ovqat mahsulotlari uchun sarf qilayotganidan dalolat beradi. Savatchadagi oziq-ovqat mahsulotlari ulushi kamayib, raqamli xizmatlar, sifatli tibbiy profilaktika va madaniy ehtiyojlar uchun kerak boʻladigan xizmatlarning kiritilishi mamlakatlarni rivojlangan davlatlar darajasiga koʻtarilayotganining belgilaridan biridir.
Maʼlumot uchun, joriy yilning fevral oyi holatiga koʻra, Oʻzbekistonda minimal isteʼmol xarajatlari bir kishi uchun oyiga 669 000 soʻm etib belgilangan. Ushbu summa kambagʻallik chegarasi sifatida olinadi va isteʼmol savatchasidan oʻrin olgan mahsulotlarning eng kam miqdorini sotib olish uchun zarur boʻlgan mablagʻ hisoblanadi.
Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring