Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

14:46 25 Fevral 2026 Jamiyat
1133 0

2025-yilning iyul oyi boshlarida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi pora bilan qoʻlga olingani haqida xabar berilgan edi. Bugun, 25-fevral kuni Zomin tuman sudining hukmiga muvofiq mazkur shaxs 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.

Bugun eʼlon qilingan jinoyat ishlari boʻyicha Zomin tuman sudining hukmiga muvofiq M.X. (erkak, 1971-yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining:

• 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlari;

• 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi;

• 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi;

• 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Shuningdek, N.I. (erkak, 1987-yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan, Sharof Rashidov tumani hokimligi qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 28,210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sudning hukmi bilan M.X.ga 3 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 150 baravari miqdorida jarima jazosi hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, N.I.ga esa 2 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bildirilishicha, sudlanuvchilar tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilangan.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?