Erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi?
Illyustrativ foto
Odatda erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi? Britaniyalik diyetolog Betan Krauzning fikriga koʻra, umuman olganda shunday, ammo bu barchaga birdek tatbiq etiladigan qoida emas.
Maʼlumki, inson organizmi harakat qilishdan tortib uxlashgacha boʻlgan barcha jarayonlar uchun energiya sarflaydi. 19 yoshdan 64 yoshgacha boʻlgan kattalar uchun kunlik oʻrtacha energiya ehtiyoji ayollarda taxminan 2 000 kaloriya, erkaklarda esa 2 500 kaloriya hisoblanadi. Bolalar va oʻsmirlarda bu koʻrsatkichlar sezilarli farq qiladi, 65–74 yoshda kamayib boradi, 75 yoshdan keyin esa yanada pasayadi. Biroq oʻrtacha raqamlar barcha holatlarni toʻliq aks ettirmaydi.
Mutaxassislarning fikricha, erkaklar koʻproq kaloriyaga muhtoj boʻlishining asosiy sabablaridan biri — ularning tinch holatdagi (bazal) modda almashinuvi darajasi yuqoriroq ekanidir. Bu asosan tana tuzilishidagi farqlar bilan izohlanadi: oʻrtacha hisobda erkaklarda mushak massasi koʻproq, ayollarda esa yogʻ qatlami ulushi yuqoriroq boʻladi. Mushak toʻqimasi yogʻga nisbatan koʻproq energiya sarflaydi.
Shuningdek, gormonal omillar ham muhim ahamiyatga ega. Erkaklarda yuqori miqdorda uchraydigan testosteron gormoni mushak oʻsishini ragʻbatlantiradi. Shu bois, boʻyi, yoshi va vazni bir xil boʻlgan, hatto jismoniy mashqlari ham teng darajadagi erkak va ayolning kaloriya ehtiyoji farq qilishi mumkin. Biroq bu borada individual tafovutlar ham katta oʻrin tutadi.
Masalan, mushakdor ayol va oʻrtacha tuzilishga ega erkakni solishtirganda, ayrim holatlarda ayolning tinch holatdagi kaloriya ehtiyoji yuqoriroq boʻlishi mumkin. Agar u muntazam ravishda koʻproq jismoniy mashq qilsa, bu ehtiyoj yanada ortadi. Shu bilan birga, uzoq muddatli qatʼiy parhez organizmning asosiy energiya sarfini kamaytirishi, yaʼni modda almashinuvi surʼatini pasaytirishi mumkin.
Shu bois mutaxassislar shaxsiy kaloriya meʼyorini aniqlashda umumiy koʻrsatkichlarga emas, balki individual xususiyatlarga tayanish maqsadga muvofiqligini taʼkidlaydi. Zarur hollarda ishonchli tibbiy manbalar tavsiyalaridan foydalanish lozim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring