Nobel mukofotidan tortib miyaning “turbo” rejimigacha: Ramazon roʻzasining inson tanasiga foydali jihatlari haqida

22:32 23 Fevral 2026 Jamiyat
836 0

Muqaddas Ramazon oyida millionlab musulmonlar tong sahardan quyosh botguniga qadar taom va ichimlik isteʼmol qilishdan tiyiladilar. Bugungi kunga kelib, roʻza tutishning nafaqat ruhiy balki jismoniy jihatdan ham foydali tomonlari ilmiy isbotini topmoqda. Xususan, Garvard hamda Stenford universiteti olimlari tomonidan taqdim qilingan xulosalarga koʻra, roʻza tutish inson genetikasini ijobiy tomonga oʻzgartirishi isbotlangan.

Ushbu maqolada Ramazon roʻzasining inson tanasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishining ilm-fanga asoslangan asosiy jarayonlari haqida soʻz boradi.

Roʻzaning eng katta moʻjizasi — bu Avtofagiya jarayonidir. Bu jarayon organizm hujayralarining oʻzini tozalash va yangilash mexanizmidir. Yapon olimi Yoshinori Ohsumi 2016-yilda ochlik vaqtida inson tanasida kechadigan mazkur jarayonni kashf etgani uchun Nobel mukofotini qoʻlga kiritgan.

Aniqlanishicha, 12-14 soatlik ochlikdan soʻng, tana tashqaridan energiya olmagach, ichki “chiqindilarni” — eski, kasallangan va yaroqsiz hujayra elementlarini energiya sifatida ishlatib yuboradi. Bu jarayon saraton va Alsgeymer kabi xavfli kasalliklarning oldini olishda eng kuchli tabiiy qalqon hisoblanadi.

Koʻpchilik kun davomida och qolish inson organizmi uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir oladi. Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, roʻza paytida miyada miya neyrotrofik omili (BDNF) oqsili ishlab chiqarilishi keskin ortadi. Bu oqsil miya hujayralari uchun muhim ozuqa hisoblanadi. U yangi neyronlarning hosil boʻlishini ragʻbatlantiradi. Natijada xotira kuchayadi, diqqatni jamlash qobiliyati yaxshilanadi va miya “turbo” rejimda ishlay boshlaydi.

Roʻza tutgan inson tanasida yuqoridagi kabi yana qator ijobiy oʻzgarishlar kuzatiladi. Jumladan, yurak va qon tomir tizimi haqiqiy dam olish imkoniyatiga ega boʻladi. Izlanishlar shuni koʻrsatadiki, muntazam roʻza tutadigan insonlarda “yomon” xolesterin (LDL) miqdori 25 foizgacha tushishi mumkin. Bu esa insult va infarkt xavfini minimal darajaga tushiradi. Tomirlar elastikligi oshib, yuqori qon bosimi moʻtadillashadi.

Shuningdek, Ramazon roʻzasi eng yaxshi va bepul kosmetik muolajadir. Gap shundaki, ochlik paytida tanada oʻsish gormoni (HGH) ishlab chiqarilishi 5 baravargacha oshadi. Bu gormon nafaqat mushaklarni saqlab qoladi, balki terini taranglashtiradi, ajinlar tushishini sekinlashtiradi va organizmni yoshartiradi. Shuningdek, jigar oʻzidagi yogʻ zaxiralarini yoqish orqali toksinlardan tozalanadi va oʻzini-oʻzi qayta tiklaydi.

Qandli diabet profilaktikasi. Roʻza insulin sezgirligini oshiradi. Natijada qondagi qand miqdori barqarorlashadi va bugungi kunda dunyo boʻylab keng tarqalgan kasalliklardan biri — 2-tur qandli diabet xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Eʼtibor berilishi kerak boʻlgan yana bir muhim jihat bor. Ramazon roʻzasi inson tanasi uchun ham ruhan, ham jismonan foydali boʻlsada sogʻlik bilan bogʻliq surunkali kasalligi boʻlgan insonlarga, xususan, buyrak yetishmovchiligi yoki ogʻir diabet, shuningdek, homilador ayollar va emizikli onalar roʻza tutishdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashishlari shart boʻladi.

Avvalroq, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Ramazon roʻzasini tutishda sogʻlik bilan bogʻliq ayrim masalalarga ham eʼtibor qaratishni tavsiya qilgani toʻgʻrisida xabar bergan edik. Ushbu havola orqali maqola bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?