Fargʻonada bolalar zaharlanishi yuzasidan Senat nazorati oʻrnatildi

18:18 23 Fevral 2026 Jamiyat
441 0

Avvalroq Fargʻona shahridagi davlat bogʻchalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz bergani haqida xabar berilgan edi. Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi Gulnora Marufova mazkur holat yuzasidan Senat nazorati oʻrnatilganini maʼlum qildi.

Fargʻona shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi masʼullarining xabar berishicha, bolalar isteʼmol qilgan taomlardan laboratoriya namunalari olib oʻrganilgan. Ushbu tahlil natijalari joriy yilning 24-fevralida maʼlum qilinadi. Shunga qarab aniq tashxis boʻyicha yakuniy xulosaga kelish mumkin boʻladi.

Marufovaning bildirishicha, hozirda Xalq deputatlari Fargʻona shahar Kengashi deputatlari holat yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish yuzasidan amaliy choralar koʻrmoqda.

“Fargʻona viloyatidan saylangan senator sifatida ushbu voqealar meni ham jiddiy tashvishga solmoqda, sababi farzandlarimiz bilan bogʻliq har qanday muammoli vaziyatlar barchamizga birdek ogʻir botishi tabiiy. Shu sababli, hozirda ushbu koʻngilsiz holatning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Ular ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati nazorati oʻrnatilgan”, deydi Gulnora Marufova.

Senatorning qoʻshimcha qilishicha, mazkur holatning asl kelib chiqish sabablari toʻliq aniqlanishi va bunga yoʻl qoʻygan masʼullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi muqarrar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?