Polshada mushkul vaziyatga tushib qolgan oʻzbekistonliklar Vatanga qaytarildi

17:52 23 Fevral 2026 Jamiyat
440 0

Foto: “Dunyo”

Polshada mushkul vaziyatga tushib qolgan Oʻzbekiston fuqarolari Vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujjatlarini yoʻqotib, ishsiz va ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qolgan xorazmlik Yu.A politsiya organlari tomonidan ushlanganidan soʻng, unga zudlik bilan konsullik-huquqiy yordam koʻrsatilgan. Unga Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda aviachipta va vaqtinchalik qaytish sertifikati rasmiylashtirildi hamda vatanga qaytarilgan.

Hujjatlari oʻgʻirlanib mushkul vaziyatga tushib qolgan qashqadaryolik yurtdoshimizga ham oʻz vaqtida yordam koʻrsatilib, Oʻzbekistonga qaytishi taʼminlangan.

Lodz voyevodaligi Velyun shahrida yurak xuruji oqibatida vafot etgan, namanganlik fuqaroning jasadi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonga qaytarilgan.

Polshadagi logistika kompaniyasida ishlagan va xizmat safari davomida Estoniyaning Tartu shahrida insultga uchragan toshkentlik Z.Mga ham har tomonlama amaliy yordam koʻrsatilgan. U Oʻzbekistonning Polsha va Latviyadagi elchixonalari, Migratsiya agentligi hamda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi koʻmagida maxsus tibbiy jihozlar va shifokorlar kuzatuvida “Riga–Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha vatanga olib kelinib, shifoxonaga joylashtirilgan.

Shuningdek, ish joyida baxtsiz hodisa natijasida oyogʻi singan andijonlik T.Iga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonga qaytarilishi taʼminlangan.

Bundan tashqari, ish joyida yiqilib, miya chayqalishi oqibatida kasalxonaga joylashtirilgan namanganlik N.Aning holati doimiy nazoratga olinib, unga zarur tibbiy muolajalarni olishda amaliy yordam koʻrsatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?