“Manchester Siti” qiyin gʻalabaga erishdi, “Chelsi” soʻnggi daqiqalarda gʻalabani qoʻldan chiqardi

10:50 22 Fevral 2026 Sport
1368 0

Kecha, 21-fevral kuni Angliya Premyer ligasining 27-tur bahslari start oldi. Tur doirasidagi dastlabki uchrashuvda “Brentford” oʻz maydonida “Brayton” klubini qabul qildi.

Ushbu bahsda gʻalaba “Brentford”ga turnir jadvalida “Liverpul”ni quvib oʻtib, 6-oʻringa koʻtarilish imkonini berar edi. Ammo uchrashuv kutilmaganda mehmonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Oʻyinda kiritilgan gollarga Denni Uelbek va Diyego Gomes mualliflik qildi. Ushbu gʻalaba evaziga “Brayton” musobaqa jadvalida 12-oʻringa koʻtarildi.

Chempionlik kurashiga qoʻshilib qolgan “Aston Villa” ham ushbu turda ochko yoʻqotdi. Jamoa oʻz maydonida 15-oʻrinda borayotgan “Lids Yunayted”ni qabul qildi. Uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

Hisob 31-daqiqada mehmonlar futbolchisi Anton Shtax tomonidan ochildi. 88-daqiqada esa Temmi Abraxam muvozanatni tikladi.

Chempionlik kurashida ishtirok etayotgan Londonning “Chelsi” jamoasi ham turda ochko yoʻqotdi. Klub oʻz maydonida 19-oʻrindagi “Byornli”ni qabul qildi.

Hisob 4-daqiqada Joau Pedru tomonidan ochildi. Ikkinchi taymga qoʻshib berilgan uchinchi daqiqada esa mehmonlar hujumchisi Zian Flemming hisobni tenglashtirdi. Oʻyin shu hisob bilan yakunlandi.

Turning markaziy oʻyinlaridan birida “Manchester Siti” oʻz maydonida “Nyukasl”ni qabul qildi. Uchrashuv 2:1 hisobida Pep Gvardiola jamoasining gʻalabasi bilan tugadi.

“Shaharliklar”ning gollariga Niko OʼRayli mualliflik qildi. “Nyukasl”ning yagona javob goli esa Lyuis Xoll hisobida qayd etildi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Abduqodir Husanov oʻyinni zaxirada boshladi va 45-daqiqada Ruben Diash oʻrniga maydonga tushirildi. Uning ikkinchi taymdagi harakatlari “Sofascore” portali tomonidan 7 ballga baholandi.

Tur doirasidagi “Vest Hem” — “Bornmut” uchrashuvida esa hisob ochilmadi.

Maʼlumot uchun, bugun ham APL 27-tur bahslari davom ettiriladi. Turning markaziy oʻyinida “Tottenhem” oʻz maydonida “Arsenal”ni qabul qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?