Germaniya oʻz fuqarolarini zudlik bilan Eronni tark etishga chaqirdi

12:59 21 Fevral 2026 Dunyo
1437 0

Germaniya tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolarini harbiy eskalatsiya xavfi mavjud boʻlgan bir paytda Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Bu haqida BILD nashri maʼlum qildi.

Unda aytilishicha, Germaniya TIV AQSH hamda Eron oʻrtasida mojaro yuzaga kelgan taqdirda konsullik yordami cheklanishi hamda ikki fuqarolikka ega boʻlgan shaxslarning qoʻllab-quvvatlanishi soʻroq ostida qolishidan ogohlantirmoqda.

Shuningdek, Germaniya rasmiylari ehtimoliy urush tufayli Erondagi boshqa davlat fuqarolari josuslikda gumon qilinib hibsga olinishlari mumkinligidan xavotir bildirgan. Tashqi ishlar vazirligi vaziyat beqaror va keskin ekanini, shu sababli fuqarolar havo yoʻllarining toʻsatdan yopilib qolish ehtimoli sababli Eronni ertaroq tark etishi lozimligini bildirgan.

AQSH ommaviy axborot vositalari xabariga koʻra, prezident Donald Trampga yaqin kunlarda Eronga qarshi harbiy harakatlar uyushtirish rejalari taqdim qilingan. Biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?