Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi
Poytaxtdagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Anjumanda hujjatning yangilanish jarayoni, jamoatchilik muhokamalari natijalari, kiritilgan oʻzgarishlar va kutilayotgan samaralar atroflicha taʼkidlandi.
Prezidentimiz Murojaatnomasi asosida takomillashtirilgan loyiha regulation.gov.uz hamda uzbekistan2030.uz portallarida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Bir oy davomida — 2025-yil 30-dekabrdan 2026-yil 28-yanvargacha — 3 564 ta fikr kelib tushdi. Shundan 2 153 tasi asosli taklif sifatida qabul qilindi, 751 tasi takroriy, 340 tasi qoʻllab-quvvatlov, 320 tasi tanqidiy mulohazalardan iborat boʻldi. Bu raqamlar aholining mamlakat taqdiriga daxldor hujjatga befarq emasligini koʻrsatadi.

Takliflar mazmuni ustuvor yoʻnalishlar kesimida tahlil qilindi. Eng koʻp fikr, yaʼni 1 427 tasi inson salohiyatini roʻyobga chiqarish, taʼlim sharoitlarini yaxshilashga oid yoʻnalishga toʻgʻri keldi. Qolgan takliflar iqtisodiy oʻsish, davlat boshqaruvi samaradorligi, xavfsizlik, ekologik barqarorlik masalalariga bagʻishlandi. Taʼlimda oʻquv oʻrinlari va pedagoglar maoshi, ekologiyada yashil hududlar, raqamlashtirish, energetika va transport sohalari eng koʻp tilga olingan mavzular boʻldi.
— “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini yangilash zarurati, avvalo, dunyodagi tezkor oʻzgarishlar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi bilan bogʻliq, — deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Oʻktam Salomov. — Avvalgi strategiyada oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasi boʻyicha 24 ta maqsad belgilangan edi. Ularning 8 tasi bugunning oʻzidayoq bajarildi. Belgilangan vazifalar toʻgʻri yoʻnalishda ekanini va islohotlar samara berayotganini koʻrsatadi. Yaʼni 2030-yilgacha rejalashtirilgan ayrim natijalarga 2026-yilga kelib erishdik. Albatta, bu bilan toʻxtab qolish mumkin emas. Aksincha, yanada katta masʼuliyatni zimmamizga olishimiz kerak. Yangilangan strategiyada uchta asosiy ustuvor soha belgilangan boʻlib, ularning uchinchisi — oliy taʼlim, fan va innovatsiyalardir. Bu esa mazkur sohaning mamlakatimiz taraqqiyotidagi oʻrni beqiyos ekanini anglatadi. Endi mazkur yoʻnalish boʻyicha 7 ta strategik maqsad va 27 ta aniq koʻrsatkich belgilab olindi. Ularning 12 tasi qayta koʻrib chiqildi. Bu oʻzgarishlar zamon talabidan kelib chiqmoqda. Masalan, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlar bir necha yil avval bu qadar dolzarb emas edi. Bugun esa u taʼlim va ilmiy faoliyatning ajralmas qismiga aylanmoqda. Endilikda barcha islohotlar ilmiy yondashuv asosida amalga oshirilishi talab etilmoqda. Shu maqsadda davlat tomonidan ilm-fanga ajratiladigan mablagʻni yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Jamoatchilik fikrini oʻrganish tizimli yoʻlga qoʻyildi. Adliya vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi takliflarni har kuni saralab, tegishli idoralarga yetkazdi. Barcha tashabbuslar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida koʻrib chiqildi. Muhim va amaliy ahamiyatga ega takliflar aniq koʻrsatkichlarga aylantirildi.
Keng jamoatchilik bilan muloqotni chuqurlashtirish maqsadida ochiq uchrashuvlar oʻtkazildi. Hududlar vakillari videoaloqa orqali qatnashib, masʼullar bilan bevosita muloqot qildi. Soha mutaxassislari tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlar ham inobatga olindi. Qoʻshimcha koʻrsatkichlar shakllantirildi, ayrim normalar qayta ishlandi.

Xalqaro tajriba ham eʼtibordan chetda qolmadi. BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan anjumanda UNDP, UNICEF, UNESCO, FAO, UNFPA, JSST, YEXHT, SHHT, Jahon banki kabi tuzilmalar vakillari ishtirok etdi. Elchixonalar hamda xorijdagi vatandoshlar bilan muhokamalar tashkil qilindi. Bu yondashuv hujjat mazmunini yanada boyitdi.
Jamoatchilik takliflari asosida qator muhim koʻrsatkichlar kiritildi. Jumladan, oliy taʼlim bitiruvchilarining doimiy ishga joylashish darajasini 65 foizga yetkazish, 39 yoshgacha boʻlgan tadqiqotchilar ulushini 61 foizga olib chiqish, tibbiyot muassasalarini toʻliq raqamlashtirish, boshqaruvda ayollar ulushini oshirish, shahar va tumanlarda yashil hududlar maydonini 30 foizga yetkazish, 21 million gektar yaylovda geobotanik tadqiqot oʻtkazish, notarial xizmatlarning maʼlum qismini onlayn shaklga oʻtkazish kabi vazifalar shular jumlasidan.

Joriy yilning 16-fevralida davlatimiz rahbari tomonidan 2026–2030-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi. Hujjatda 100 ta maqsad va 437 ta samaradorlik koʻrsatkichi belgilandi. Ilgarigi tahrirda 444 ta koʻrsatkich mavjud edi. Yangi tahrirda 240 ta yangi mezon kiritildi, 95 tasi qayta ishlandi, 102 tasi oʻzgarishsiz saqlandi. Barcha indikatorlar yilma-yil bajarish rejasi asosida ishlab chiqilgan, moliyaviy manbalari aniq koʻrsatilgan.
Strategiya ijrosi qatʼiy nazoratga olindi. Barcha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari uchun aniq masʼuliyat belgilandi. Birinchi rahbarlar shaxsan javobgar hisoblanadi. Respublika komissiyasi tashkil etildi. Monitoring jarayoni raqamli platforma orqali yuritiladi, har yarim yilda Prezident va parlamentga axborot taqdim etiladi.
Ana shunday masʼuliyatli va tizimli yondashuv, ayniqsa, ijtimoiy sohalarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Matbuot anjumanida soʻz olgan Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov shu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalarga alohida toʻxtaldi.

Vazir taʼkidlaganidek, aholi salomatligi, eng avvalo, insonning yashash tarzi va tibbiy madaniyatiga bogʻliq. Shu bois Farmonda belgilangan maqsadlarga erishish faqat bir tizimning emas, balki har bir fuqaroning vazifasidir. Shifokor ham, ota-ona ham, yoshlar ham oʻz salomatligiga befarq boʻlmasligi zarur. Sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining oʻrni katta.
— 2030-yilgacha sogʻliqni saqlash tizimining asosiy yoʻnalishi — kasalliklarni davolashdan koʻra, ularning oldini olishga, yaʼni profilaktikaga ustuvor ahamiyat berishdir, — deydi vazir. — Shu maqsadda aholi oʻrtasida profilaktik koʻriklar kengaytiriladi, kasalliklar erta bosqichda aniqlanadi va imkoni boricha hududning oʻzida davolanadi. Bu orqali yuqori boʻgʻin tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamani kamaytirish koʻzda tutilgan.
Birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish ham asosiy vazifalarimizdan. Poliklinika xizmatlari kengaytiriladi, qishloq vrachlik punktlari kuchaytiriladi. Oila shifokori bilan aholi oʻrtasida shartnoma asosida ishlash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu tizimda nafaqat shifokorning, balki fuqaroning ham oʻz salomatligi boʻyicha aniq majburiyatlari belgilanadi. Ilk tajribalar 26 ta tumanda sinovdan oʻtkazildi va yaqin yillarda butun respublika boʻylab joriy etish rejalashtirilgan.
Mazkur hujjat mamlakatimizning oʻrta muddatli taraqqiyot yoʻlini belgilab beruvchi tom maʼnodagi dasturga aylandi. Eng muhimi, uning mazmunida odamlarning kundalik hayotiga daxldor masalalar aks etgan. Shu jihatdan “Oʻzbekiston – 2030” haqiqiy xalqchil strategiya sifatida namoyon boʻlmoqda.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring