TDIUda “Adabiyot – xalqning yuragi” mavzusida adabiy tadbir oʻtkazildi

16:13 20 Fevral 2026 Jamiyat
505 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish boʻyicha Besh muhim tashabbus doirasida kitobxonlikni targʻib qilish, ularning maʼnaviy dunyoqarashni boyitish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Adabiyot – xalqning yuragi” mavzusida taniqli shoirlar bilan adabiy muloqot oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli shoir Salim Ashur, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon va universitetning “Buxgalteriya hisobi” fakulteti talabalari hamda “Audit” kafedrasi professor-oʻqituvchilari ishtirok yetishdi.

Salim Ashur adabiyot inson tafakkurini, dunyoqarashini shakllantirishi, mutolaa esa tafakkurni charxlashi, yoshlarni maʼnaviy barkamollikka yetaklashda muhim omil ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u Vatan, bahor, yoshlik va talabalar mavzusidagi sheʼrlaridan oʻqib berdi.

Xalqona ohanglardagi nazmi bilan oʻquvchilar yuragiga zavqu hayajon solib, eʼtibor qozingan shoir Rustam Musurmon yaqinda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi tarixiy qarorning ahamiyati haqida toʻxtalib, Amir Temur bobomiz bunyod etgan buyuk davlat va u asos solgan Ikkinchi Renessans davri, ilm-fan, madaniyat, adabiyot sohasidagi jahonshumul kashfiyotlar xususida toʻxtalib oʻtdi. Taʼkidlandiki, ulugʻ bobolarimiz asos solgan Birinchi va Ikkinchi Renessans davlatimiz rahbari rahnamoligida xalqimiz bilan birdamlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishimizga mustahkam asos boʻladi.

Rustam Musurmon xalqimizning ogʻzaki ijodi merosidan taʼsirlanib yozgan sherlarini oʻzi ifodali oʻqib berdi va yoshlarga oʻzgacha zavqu shavq bagʻishladi.

Tadbirda talaba-yoshlarga kitobning inson maʼnaviyatiga taʼsiri uning nafaqat bilim manbai, balki ruhiy va axloqiy oʻsish uchun zarur boʻlgan vositasi ekanligi xususida muhim maʼlumotlar berildi. Kitob oʻqish orqali inson oʻzining ichki dunyosini boyitishi, tafakkurini kengaytirishi va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishi taʼkidlandi.

Tadbirda soʻzga chiqqan iqtisodiyot fanlari doktori, professor Bahodir Hasanov taʼkidlashicha, kitoblar nafaqat bilim beradi, balki insonning dunyoqarashini shakllantiradi, uni toʻgʻri yoʻlga soladi va maʼnaviy-ruhiy kamol topishiga yordam beradi. Kitoblar orqali inson oʻz fikrlash qobiliyatini oshiradi. Boshqa dunyo, boshqa qadriyatlar, turli xalqlar va ularning tajribalari bilan tanishadi. Bu jarayon nafaqat maʼlumotlarni qabul qilish, balki oʻqiganlarni hayotga tatbiq yetish va ulardan foydalangan holda jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga xizmat qiladi. Kitob oʻqigan inson oʻzining ijtimoiy masʼuliyatini, fuqarolik pozitsiyasini chuqur anglaydi.

Tadbirda shoirlar talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Shoir Rustam Musurmon

“Yoʻlovchi suv izlab buloqni topar,

Zulmatda nur izlab chiroqni topar.

Kamondan chiqqan oʻq topar nishonni,

Yurakdan chiqqan soʻz yurakni topar”, – deb yozganidek, shoirlar yuragidan chiqqan soʻzlar talabalar qalbidan chuqur joy oldi.

Azamat MAHMUDOV, TDIU Audit kafedrasi professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?