AQSH Eronga zarba berishga tayyor. Hujum yaqin soatlarda amalga oshirilishi mumkin

15:50 20 Fevral 2026 Dunyo
738 0

Foto: U.S. Navy via Getty Images

AQSH prezidenti Donald Trampga shanba kuniyoq mamlakat harbiylari Eronga qarshi jangovar harakatlarga tayyor ekanligi haqida maʼlum qilingan. Biroq CBS oʻz manbalariga tayanib operatsiya bu hafta oxirida boshlanmasligi haqida xabar berdi.

Kanal maʼlumotlariga koʻra, AQSH yetakchisi hali zarba berish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilmagan. Oq uy eskalatsiyaning oqibatlarini baholamoqda.

Soʻnggi bir necha kun ichida AQSH Yaqin Sharqqa taxminan 70 ta harbiy yuk samolyoti va taxminan 50 ta qiruvchi samolyotni joylashtirdi. Bir aviatashuvchi zarba guruhi Oʻmon koʻrfazida, ikkinchisi esa Oʻrta yer dengizidagi Isroil qirgʻoqlari yaqinida joylashtirildi.

AQSH Tehronni yadroviy kelishuv uchun qulay shartlarni qabul qilishga undash va shu bilan birga toʻliq koʻlamli hujumdan qochish uchun Eron harbiy va hukumat inshootlariga cheklangan zarba berishni koʻrib chiqmoqda, deb xabar bergandi “The Wall Street Journal” avvalroq oʻz manbalariga tayanib. Bunday zarba bir necha kun ichida amalga oshirilishi mumkin.

Shu yilning 17-fevral kuni Jenevada Oʻmon vositachiligida AQSH va Eron yadroviy muzokaralarining ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi kelajakdagi kelishuv loyihasiga kiritilishi mumkin boʻlgan bir qator masalalar boʻyicha oʻzaro tushunishni bildirdi.

Vashington esa maslahatlashuvlar yaxshi oʻtganini, ammo Tehron hali Oq uy tomonidan bayon qilingan bir nechta pozitsiyalarni qabul qilishga tayyor emasligini aytdi. Avvalroq, AQSH va Isroil Erondan nafaqat oʻz yadroviy dasturidan, balki ballistik raketalar ishlab chiqarishdan va Yaqin Sharqdagi Eron tarafdori boʻlgan kuchlarni qoʻllab-quvvatlashdan ham voz kechishni talab qilgan edi.

Oʻz navbatida, AQSH bilan ittifoqdosh boʻlgan arab davlatlari, jumladan, Saudiya Arabistoni, BAA va Iordaniya (ularda taxminan 40 000 amerikalik askar joylashtirilgan) oʻz hududlaridan Eronga qarshi harbiy operatsiyalar uchun foydalanishga qarshi ekani. Kanal maʼlumotlariga koʻra, arab davlatlari Eronning oʻz hududlaridagi AQSH inshootlariga qarshi javob zarbasidan qoʻrqishmoqda. Arab vositachilaridan tashqari, Turkiya Tehronning yadroviy dasturi atrofidagi inqirozni diplomatik yoʻl bilan hal qilishni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?