Toshkent shahri va viloyatida muddati oʻtgan tibbiy reagentlar savdosining oldi olindi

12:40 17 Fevral 2026 Jamiyat
321 0

Foto: DXX

Toshkent shahri va viloyatida muddati oʻtgan tibbiy reagentlar savdosining oldi olindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Maʼlum qilinishicha, DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda poytaxtda joylashgan tibbiy reagentlar savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ rahbari yaroqlilik muddati oʻtgan, qiymati 32 mln soʻmlik laboratoriya tekshiruvi uchun moʻljallangan 20 dona reagentlarni 16 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: DXX

Shuningdek, unga tegishli boʻlgan, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan 2 ta omborxona “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizlik markazi” davlat muassasasi xodimlarini jalb qilgan holda koʻzdan kechirilgan. Tekshiruv davomida ularda umumiy qiymati 2 mlrd soʻmga yaqin boʻlgan, 216 turdagi 1414 quti yaroqlilik muddati oʻtgan hamda xorijdan olib kelingan va tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan 28 turdagi 322 quti (kontrafakt) mahsulotlar mavjudligi aniqlangan.

Hozirda tibbiy vositalar boʻyicha tegishli tartibda ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, sifatsiz reagentlarning ishlatilishi kelgusida bemorlarga notoʻgʻri tashxis qoʻyish orqali muolaja qilish bilan bogʻliq salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?