Tojikistonda ijtimoiy tarmoqlardagi layklar uchun javobgarlik bekor qilindi

10:58 17 Fevral 2026 Dunyo
345 0

Illyustrativ foto

Tojikistonda oʻtgan yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik va terroristik mazmundagi materiallarga layk bosgan yoki ularni tarqatgan 405 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi. Bu haqda 13-fevral kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Tojikiston bosh prokurori Habibullo Vohidzoda maʼlum qildi.

Uning qayd etishicha, mazkur qaror prezident topshirigʻi hamda Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlar asosida qabul qilingan. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 2025-yil 14-may kuni “Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni imzolagandi. Qonunga koʻra, ijtimoiy tarmoqlardagi layk, repost va boshqa raqamli reaksiyalar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilingan.

Shunga muvofiq, 2025-yilda 405 nafar shaxsga ekstremizm va terrorizmga oid moddalar boʻyicha kiritilgan qoʻshimchalar qoʻllanilib, ular javobgarlikdan ozod etilgan. Bosh prokurorning taʼkidlashicha, ushbu qarordan soʻng terroristik va ekstremistik xususiyatga ega jinoyatlar soni 2024-yilga nisbatan 314 taga, yaʼni 23,3 foizga kamaygan.

Eslatib oʻtish joiz, 2018-yilda mamlakat Jinoyat kodeksining 179-moddasiga kiritilgan oʻzgartishlar bilan, internetda terrorizmni yoqlash yoki qoʻllab-quvvatlashga oid materiallarga layk bosish, repost qilish va izoh qoldirish jinoyat sifatida baholanib, 5-yildan 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan edi.

2025-yil aprel oyida bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Umed Karimzoda shu modda asosda 1 ming 507 nafar fuqaro ozodlikdan mahrum etilganini maʼlum qilgan. Prezident Emomali Rahmon 2024-yil oktyabr oyida mazkur amaliyotni tanqid qilib, uni bekor qilishni talab qilgan. Shundan soʻng parlament tegishli oʻzgartishlarni qabul qildi va 2025-yil 14-may kuni qonun rasman kuchga kirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?