Toshkentda 3 mlrd soʻmlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosi toʻxtatib qolindi

16:08 15 Fevral 2026 Jamiyat
566 0

Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida sifat sertifikatiga ega boʻlmagan dori vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1969 va 1997-yillarda tugʻilgan ota-bola oʻz yashash xonadonida aylanma yoʻllar orqali olib kelingan dori vositalarini saqlashga moʻljallangan yashirin ombor tashkil qilib, u yerda dori vositalarini saqlash hamda dorixonalarga oʻtkazish bilan shugʻullanib kelgan.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, qonunbuzarlarga tegishli xonadon va avtomobil koʻzdan kechirilganda, asosan Turkiya va Hindiston davlatlarida ishlab chiqarilgan “Dyuspatalin”, “Novomiks”, “Galvus MET” kabi 87 turdagi, jami 133 374 dona, taxminiy qiymati 3 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan dori vositalari hamda 50 ming AQSH dollari, 10,6 mln soʻm va 150 nafar shaxsga tegishli boʻlgan bank plastik kartalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda dori vositalari namunalari ekspertizadan oʻtkazish maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?