Oliy Majlis Senatida “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi

16:07 14 Fevral 2026 Siyosat
988 0

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Joriy yilning 14-fevral kuni Senatda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi Xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini mustahkamlash, gender tenglik hamda oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tashabbusi bilan har yili anʼanaviy ravishda tashkil etib kelinmoqda.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Tanlovning asosiy maqsadi tashkilotlarda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan samarali siyosatni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalarni aniqlash va keng ommalashtirish, shuningdek, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Tadbirda qayd etilganidek, Prezident rahbarligida keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat boshqaruvi hamda jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyada, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda Gender tenglikka erishish strategiyasida mustahkam belgilab qoʻyilgan.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlar masalalariga oid 110 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, yaxlit institutsional tizim shakllantirilganini taʼkidladi. Gender tenglik siyosatiga nafaqat ijtimoiy adolat tamoyili, balki iqtisodiy taraqqiyotning muhim omili sifatida qaralmoqda. Tahlillar ayollarni taʼlim, bandlik va boshqaruv sohalariga keng jalb etgan davlatlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlari yuqori ekanini koʻrsatadi.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Parlamentlararo ittifoq maʼlumotlariga koʻra, parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar ulushi boʻyicha Oʻzbekiston jahonda 15-oʻrinni egallaydi. Jahon banki indeksida esa mamlakatimiz gender tenglik sohasida eng tez rivojlanayotgan besh davlat qatorida qayd etilgan, Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa 103-oʻrindan 52-oʻringa koʻtarildi.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, tadbirda yana bir muhim yutuq qayd etildi. BMT Taraqqiyot dasturining nufuzli “Gender tenglik boʻyicha kumush nishoni” (Gender Equality Seal) bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi taqdirlangan. Eʼtiborlisi, mazkur natijaga Oʻzbekiston MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi boʻlib erishgan.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Qayd etilganidek, gʻolib deb topilgan tashkilotlarda xodimlarning oʻrtacha 30–50 foizini ayollar tashkil etadi, 60 nafar ayol rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 10 mingdan ziyod ayollar xodimlar kasbiy salohiyatini oshirish kurslariga jalb etilib, 13 mingdan ortiq ayollarni qoʻllab-quvvatlash uchun 2,1 trln soʻm mablagʻ ajratilgan.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida 1460 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida 455 ta idora, tashkilot va muassasa ishtirok etdi. Respublika bosqichiga 100 ga yaqin hujjat taqdim etildi.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Tanlov komissiyasi tomonidan nizom talablari asosida baholash natijalariga koʻra 7 ta nominatsiya boʻyicha quyidagi tashkilotlar gʻolib deb topildi:

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol respublika tashkiloti” – Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Markaziy bank, “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ;

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hududiy tashkilot” – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tuman (shahar) tashkiloti” – Surxondaryo viloyati Uzun tumani Axborot-kutubxona markazi;

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hokimlik” – Fargʻona shahar hokimligi, Guliston tumani hokimligi;

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol nodavlat notijorat tashkiloti” –“Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi va “MILLENNIUM” nogiron yoshlarning ijtimoiy-huquqiy tiklanish markazi;

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tadbirkorlik subyekti” – “MIRZO BOSHI” oilaviy korxonasi va “Safia” qandolat uyi;

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol ommaviy axborot vositasi”– Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali va “Mahalla” gazetasi.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Gʻolib tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 10 ga yaqin loyiha amalga oshirilgani qayd etildi. Ayniqsa, bu yoʻnalishda nodavlat notijorat tashkilotlar faolligi alohida eʼtirof etildi.

Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”

Kelgusida tanlov doirasida mahallalar ishtirokini yanada kengaytirish va “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol mahalla” nominatsiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?