“Klub uning oʻtmishidan xabardor boʻlmagan”. “Dinamo” Kingsli Sarfo atrofidagi gaplar yuzasidan bayonot berdi

13:08 12 Fevral 2026 Sport
477 0

Foto: “Dinamo” FK

Avvalroq Samarqandning “Dinamo” klubi jinsiy zoʻravonlikda ayblanib, jazo oʻtab chiqqan ganalik futbolchi Kingsli Sarfoni oʻz safiga qoʻshib olgani haqida xabar berilgan edi. Klub bu boradagi turli mish-mishlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Bildirilishicha, “Dinamo” PFK ganalik 30 yoshli legioner Kingsli Sarfo bilan joriy yilning yanvar oyida bir yillik shartnoma imzolagan. Klub rahbariyati futbolchi bilan shartnoma imzolashdan avval uning sport karyerasidagi faoliyati bilan tanishib, Sarfoning maydondagi harakatlarini tahlil qilib oʻrgangan. Jamoa u bilan oʻyinini kuchaytirishi borasida xulosaga kelgach, kelishuv imzolangan. Biroq klub uning qariyb 10-yil avvalgi oʻtmishidan xabardor boʻlmagan.

Futbolchining tasdiqlashicha, bundan 9-yil avval – 2017-yil Shvetsiyadagi faoliyati davomida bir qiz bilan yaqin munosabatda boʻlgan. Shvetsiya qonunchiligiga koʻra, oʻshanda qiz voyaga yetgan deb hisoblanishiga yana bir yildan kamroq vaqt boʻlgan. Shu bois afrikalik futbolchining oʻzaro rozilik asosidagi yaqinlashuvi Shvetsiyada omma eʼtiboriga tushib, mamlakat qonunchiligi asosida jinsiy zoʻravonlik sifatida malakalangan.

Sud ishida Sarfo qizning voyaga yetmaganidan xabari boʻlmaganini isbotlagach, u 32 oyga qamoq jazosi va jarimaga tortilgan. Ammo yakunda 1-yilu 10 oyda ozodlikka chiqarilgan. Yaʼni, u qilmishi uchun jazoni oʻtagan.

Shundan keyin u oʻtgan 6-yil davomida Yevropadagi faoliyati davomida “Olimpiakos”, APOEL klublari safida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan, hatto mamlakat chempioni boʻlgan. Yevropa Chempionlar ligasi va yevrokubok bahslarida maydonga tushgan.

“Kingsli hozirgacha oʻz mamlakati Ganada xayriya ishlarida faollik koʻrsatmoqda. Sarfo bilan shartnoma imzolanganidan qariyb uch hafta oʻtib, bu xabarlar ketma-ket tarqatilgani nega yoki kimga kerak boʻlgani sababi klub uchun mavhum”, deyiladi Samarqand klubi bayonotida.

Bundan tashqari, katta auditoriyaga ega rasmiy va norasmiy Telegram kanallar, blogerlar va turli manbalardan eʼlon qilingan sarlavha, xabar va postlarda shaxs shaʼni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar va harakatlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra javobgarlikka sabab boʻlishini unutmaslikni soʻralgan.

“Maydon va uning tashqarisidagi halol kurash va shaffof raqobat prinsipi asosida rivojlanishning yangi bosqichiga koʻtarilishga intilayotgan «Dinamo” PFKni salbiy boʻyoqda koʻrsatishga boʻlgan urinishlarni klub imijiga putur yetkazish sifatida baholab, oʻz haq-huquqini amaldagi qonunlarga koʻra tegishli organlar orqali himoya qilishga tayyorligini bildiradi», deb yozadi jamoa matbuot xizmati.

Shuningdek, “Dinamo” ganalik yarimhimoyachini “sotib olgani” yoki “transfer qilgani” haqidagi xabarlar asossiz ekani maʼlum qilingan. Bildirilishicha, Kingsli Sarfo jamoa safiga erkin agent sifatida kelib qoʻshilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?