Isroil Gʻarbiy Sohilda nazoratni kuchaytirish boʻyicha yangi choralarni maʼqulladi

12:20 11 Fevral 2026 Dunyo
736 0

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi arafasida mamlakat hukumati bosib olingan Gʻarbiy Sohil ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qator keng koʻlamli qarorlarni qabul qildi.

Yakshanba kuni xavfsizlik kabineti ijro vakolatlarini kengaytirish hamda davlatga aholi punktlarini kengaytirish maqsadida yer sotib olish imkonini beradigan choralarni maʼqulladi. Moliya vaziri Betsalel Smotrichning taʼkidlashicha, mazkur qarorlar Gʻarbiy Sohildagi huquqiy va fuqarolik muhitini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan.

Qabul qilingan qarorlar Oslo kelishuvlariga muvofiq Falastin maʼmuriy nazorati ostidagi A va B hududlarida Isroil ijro vakolatlarini kengaytirishni ham nazarda tutadi. Ushbu hududlar Gʻarbiy Sohilning taxminan 40 foizini tashkil etadi.

Shuningdek, Yerlarni sotib olish qoʻmitasini qayta ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu davlatga aholi punktlarini kengaytirish uchun Gʻarbiy Sohilda yerlarni faol tarzda xarid qilish imkonini beradi. Yana bir qarorga koʻra, Xevron shahridagi ayrim yahudiy aholi guruhlariga qurilish va shaharsozlik vakolatlari taqdim etiladi. Bu esa Xevron Falastin munitsipaliteti bilan kelishmasdan hududni kengaytirish imkonini yaratishi mumkin.

Falastin maʼmuriyati mazkur choralarni qoralab, ularni Falastin xalqi huquqlariga qarshi qaratilgan harakat sifatida baholadi.

Maʼlumki, Isroil 1967-yilgi urush davomida Gʻarbiy Sohilni egallagan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda xalqaro hamjamiyatning katta qismi mazkur hududni bosib olingan deb hisoblaydi va u yerdagi aholi punktlarini xalqaro huquq nuqtayi nazaridan noqonuniy, deb baholaydi.

AQSH rasmiylari esa Isroilning bosib olingan hududni anneksiya qilishini qoʻllab-quvvatlamasliklarini bildirgan. Donald Tramp oktyabr oyida “TIME” jurnaliga bergan intervyusida Gʻarbiy Sohilni anneksiya qilishga qarshi ekanini taʼkidlagan. Shu bilan birga, Tramp maʼmuriyatining Gʻazo boʻyicha taklif etilgan sulh rejasida Falastinning oʻz taqdirini oʻzi belgilashi va davlatchilik masalalari tilga olingan.

Isroildagi “Peace Now” tashkiloti esa hukumat qarorlarini tanqid qilib, bu qadamlar xalqaro kelishuvlar va mintaqadagi barqarorlikka zid ekanini qayd etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?