Ikki hududda 283 million soʻmlik gaz va “svet” talon-toroj qilindi

16:07 10 Fevral 2026 Jamiyat
292 0

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, departamentning Koson tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida YATT “M.X.” fuqaro X.B. va boshqalar “Yangiobod” MFY hududidagi novvoyxonada tijorat maqsadida gaz tarmogʻiga yashirincha ulanib olgani aniqlangan.

Ushbu qonunbuzilish holati oqibatida, jami 151,8 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani, shuningdek, oʻzlarining noqonuniy harakatlarini yashirish maqsadida tekshiruvga soxta hujjatlar taqdim etgani fosh qilingan.

Shu kabi yana bir holat, departamentning Uchtepa tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham aniqlangan.

Unga koʻra, «O.Oʻ.« MCHJ masʼul shaxslari va boshqalar savdo va maishiy xizmat koʻrsatish binosida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 131,4 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani maʼlum boʻlgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?