Xorijdagi boʻsh ish oʻrinlari xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlanadi

12:53 10 Fevral 2026 Jamiyat
421 0

Adliya vazirligi Xorijdagi boʻsh ish oʻrinlarini xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Bu haqida “Adliya yangiliklari” Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu nizomga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan jalb qilingan xorijdagi boʻsh ish oʻrinlari haqida “xorijdaish.uz” elektron platformasida eʼlon beriladi.

Kvota taqsimotida ishtirok etish istagini bildirgan xususiy bandlik agentliklari elektron platformadagi shaxsiy kabinetlari orqali ariza yuborishlari mumkin boʻladi. Arizalar Migratsiya agentligi tomonidan 7 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

“Kvota taqsimotida ishtirok etishning asosiy shartlaridan biri – fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish boʻyicha faol litsenziyaga ega boʻlishdir”, — deyiladi xabarda.

Ariza topshirgan xususiy bandlik agentliklarining xorijda ishlash istagini bildirgan shaxslarni kvotalar doirasida ishga joylashtirganlik holati ham oʻrganiladi. Kvotalar yuqoridagi talablarga javob bergan va arizasi ijobiy qabul qilingan xususiy bandlik agentliklari oʻrtasida teng taqsimlanadi.

Bundan tashqari, tegishli kvotalarni qoʻlga kiritgan xususiy bandlik agentliklari xorijiy ish beruvchi bilan hamkorlik shartnomasini tuzadi hamda fuqarolarni ishga yuborish choralarini koʻradi. Xususiy bandlik agentliklari fuqarolar ish joylariga yetkazilganligi va ular bilan mehnat shartnomalari rasmiylashtirilganligi haqidagi hujjatlarni (ishga kirish toʻgʻrisidagi buyruq, mehnat shartnomasi yoki dalolatnoma) elektron platformaga yuklaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?