Yer uchun xavfli deb topilgan asteroid 2032-yilda Oy bilan toʻqnashishi mumkin

14:12 07 Fevral 2026 Dunyo
907 0

Xitoylik olimlar guruhi 2032-yilda “2024 YR4” asteroidi Oy bilan toʻqnashishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Bu haqida “BILD” nashri maʼlum qildi.

Olimlar fikricha, “2024 YR4” asteroidining diametri taxminan 60 metr boʻlib, dastlab u Yer sayyorasi uchun xavfli deb topilgan. Biroq, soʻnggi hisob-kitoblarga koʻra, mazkur kosmik jism sayyoramiz yonidan xavfsiz tarzda oʻtib ketadi.

Xitoylik olimlar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, “2024 YR4” asteroidining 2032-yilda Oyga urilish ehtimoli mavjud. Bu ehtimol taxminan 4,3 foizni tashkil qilmoqda.

Mutaxassislar ehtimoliy toʻqnashuv vaqtida 6,5 megatonna trotilga teng energiya ajralib chiqishini aniqlagan. Maʼlumot uchun, bu koʻrsatkich kuchli vodorod bombasi quvvatiga yaqin hisoblanadi.

“2024 YR4” asteroidi

Pekin shahrida joylashgan Sinxua universiteti tadqiqotchisi Ifan Xening taʼkidlashicha, bunday hodisa Oy yuzasida taxminan bir kvadrat kilometr maydonni qamrab olgan katta krater hosil qiladi. Bu insoniyat tarixida qayd etilgan eng kuchli Oy hodisasiga aylanishi mumkin.

Olimlar ushbu toʻqnashuvni Yerdan turib kuzatish mumkinligini aytmoqda. Oy va asteroid toʻqnashuvi vaqtida oʻta yorqin chaqnash yuzaga keladi. Shuningdek, undan keyin bir necha soat davomida infraqizil nurlanish va hatto “Oy zilzilasi” yuz berishi ehtimoli ham mavjud.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?