Barqaror elektr taʼminoti: mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 85 mlrd. kilovatt-soatga yetkazildi

13:23 03 Fevral 2026 Jamiyat
586 0

Aholi turmush sharoiti yaxshilanib, nufusining ortib borishi yoqilgʻi-energiya resurslari, xususan, elektr energiyasiga boʻlgan talabni ham oshiradi. Ayniqsa, aholisi yiliga 2 foizga koʻpayib, iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan Oʻzbekistonda mazkur resursga ehtiyoj muttasil oʻsmoqda. Tahlillarning koʻrsatishicha, mamlakatimizda elektr energiyasiga boʻlgan talab yiliga oʻrtacha 5-6 foiz ortyapti. Shu bois, keyingi yillarda ushbu sohani rivojlantirish iqtisodiy islohotlarning eng muhim yoʻnalishiga aylandi. Davlat rahbarining taʼbiri bilan aytganda, energetika sohasida tub burilish yasalishi hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmi 85 mlrd. kilovatt-soatga yetkazildi.

Bu raqam mohiyatini anglash uchun Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida aytilgan quyidagi gapni eslash kifoya: Tasavvur qiling, 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soat generatsiya darajasida qolib ketganimizda, hozir iqtisodiyotimiz hajmini 2 karra oshira olarmidik? Ishlab chiqarishning oʻsib borayotgan talabini, 38 million aholi ehtiyojini qoplab boʻlarmidi?”

Albatta, yoʻq.

Taqvimdagi eng muhim sana

Barqaror elektr taʼminotisiz sanoat, tadbirkorlik kabi muhim sohalarni rivojlantirib boʻlmaydi. Iqtisodiyot texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazilayotgan hozirgi sharoitda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish talab etiladi. Negaki, 2026-yilda start beriladigan 52 mlrd. dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi hamda umumiy qiymati 14 mlrd. dollarlik 228 ta yangi yirik quvvat oʻz vaqtida ishga tushirilishi energetika sohasi ravnaqi bilan chambarchas bogʻliq.

— Jadal surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimiz hamda aholining talab-ehtiyojidan kelib chiqqan holda, energetika sohasida keng islohotlar amalga oshirilib, tizim faoliyatida tamomila yangi bosqichga oʻtilyapti, — deydi Energetika vazirligi kotibiyati boshligʻi Bekzod Ismoilov. — Bu yangilanish ikkita muhim maqsadga erishish imkonini beradi. Avvalo, barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya taʼminoti yoʻlga qoʻyiladi. Qolaversa, ekologik toza va muqobil qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishni chuqurlashtirish evaziga u taʼminotdagi asosiy kuchga aylanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 2025-yil 5-dekabr kuni Xalqaro kongress markazida ishga tushirilgan va qurilishi boshlangan loyihalar bu borada yangi imkoniyatlarni taqdim etib, energetika tarmogʻi rivojida yangi sahifa ochib beradi.

Darhaqiqat, oʻtgan yilning 5-dekabr kuni milliy energetika tizimining taraqqiyot taqvimiga eng muhim sana sifatida muhrlandi. Sababi, aynan oʻsha kuni mamlakat barqaror rivojida muhim ahamiyatga ega boʻlgan yirik loyihalar roʻyobga chiqarildi. Aniqrogʻi, umumiy hajmi qariyb 11 mlrd. dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlari ishga tushirilgan boʻlsa, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga rasman kirishildi. Shu jumladan, respublikamizning turli hududlarida 3,5 ming megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiyalar foydalanishga topshirildi.

Soha mutaxassislarining aytishlaricha, ular toʻliq quvvatda ishlaganda yiliga 15 mlrd. kilovatt-soat elektr generatsiyasi hosil boʻladi. Pirovardida “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi joriy yilning oʻzida 23 mlrd. kilovatt-soatga yetkazilishi kutilyapti. Bu Oʻzbekiston aholisining yillik elektr energiyasi isteʼmolini toʻliq qoplay olishi bilan alohida ahamiyatga ega. Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 mlrd. kub metr iqtisod qilinib, atmosferaga 11 mln. tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Shu bilan birga, oʻsha kuni foydalanishga topshirilgan 11 ta yirik podstansiya, 1 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi. Aytaylik, energiya saqlash tizimlari isteʼmol ortib ketgan tigʻiz vaqtlarda qoʻshimcha ravishda 1,5 mlrd. kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Bunyodkor kuch

Yodingizda boʻlsa kerak, bundan atigi oʻn yil burun elektr energiyasi eng ogʻriqli muammoga aylangan edi. Taʼminotdagi beqarorlik, paydar-pay uzilishlar aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan boʻlsa, biznes rivojida katta toʻsiqqa aylangandi. Ana shunday ogʻir bir paytda davlat rahbari eng muhim hayotiy ehtiyojlardan biri boʻlgan elektr energiyasi bilan aholini uzluksiz taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratdi. Natijada qaddi bukilib qolgan simyogʻochlar-u, uning salqib qolgan simlarini yangilash, zoʻrgʻa ishlab turgan transformator punktlarini modernizatsiyalash, yangi quvvatlar yaratish ishlari jadallashib ketdi. Bu hayotiy tashabbuslar roʻyobida chetdan jalb etilgan investitsiyalar bunyodkor kuchga aylandi.

— Energetika bugun iqtisodiyotning chet el investitsiyalari eng koʻp jalb etilayotgan sohasiga aylandi, — deydi Energetika vazirligining Xalqaro hamkorlik, reytinglar va grantlarni jalb qilish boʻlimi boshligʻi Shohruxjon Ishmatov. — Tizimga Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki singari moliya institutlari sarmoyalari jalb etilyapti, ayni chogʻda sohada dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilib, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ham kiritilyapti. Bugungi kunda Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Turkiyaning “AKSA” va “Cengiz Enerji”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, Xitoyning “China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC” va “Eagle Ray”, Fransiyaning “EDF”, “Voltalia” va “Total Energies”, Germaniyaning “Siemens Energy” hamda Qatarning “Nebras” kompaniyalari ishtirokida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani soʻzimiz tasdigʻidir. Buning hisobiga soʻnggi yillarda 35 mlrd. dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 9 ming megavatt yangi quvvatlar yaratildi.

Eʼtiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirilgach, generatsiya quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 30 foizga yetkazildi.

Soha rivojida xususiy sektorning ulushi ortib borayotgani ham quvonarlidir. Tahlillarning koʻrsatishicha, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni koʻpaytirishda ularning hissasi, ayniqsa, katta boʻlyapti. Buning samarasi oʻlaroq, qisqa davr ichida xususiy sektor, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida 2 ming megavattli kichik quyosh panellari oʻrnatilib, oʻtgan yili qoʻshimcha 2 mlrd. kilovatt-soatga yaqin muqobil energiya ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurildi. Natijada suv resurslaridan unumli foydalanib, 120 mln. kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu esa loyiha tashabbuskorlariga qoʻshimcha daromad olib keldi. Shu bois ushbu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, joriy yilda 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etilishi koʻzda tutilgan. Buning hisobiga 80 ming xonadonda elektr taʼminoti tubdan yaxshilanadi.

Energetika tizimidagi oʻzgarishlar, oʻz navbatida, sanoat tarmoqlari rivojiga ham katta turtki bermoqda. Misol uchun, 2025-yilda yangi qurilayotgan elektr stansiya va tarmoqlari uchun zarur boʻlgan 700 mln. dollarlik qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel oʻtkazgichlar, elektr qurilmalari mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berildi. Shuningdek, loyihalash-injiniring va qurilish xizmatlari ham koʻrsatildi. Norin kaskad GESining 38 megavattli ilk gidroelektr stansiyasi toʻliq mahalliy mahsulotlardan foydalanilgan holda bunyod etilgani mahalliylashtirish darajasi ortib borayotganini tasdiqlaydi. Binobarin, “Angren Energo” korxonasida ishlab chiqarilayotgan transformatorlar, “Uzgidro-Power”da tayyorlanayotgan gidroagregatlar xalqaro standartlarga toʻla javob beradi.

Yopiq turdagi birinchi nimstansiya

Soha modernizatsiya qilinib, tubdan yangilanayotgani tufayli amaliyotga yangi avlod texnologiyalari ham keng qoʻllanila boshlandi. Bu yerda gap murakkab muhandislik konsepsiyasiga ega Yangi Toshkent hududida qurilayotgan innovatsion energetika obyektlari haqida ketmoqda. Yaʼni, mamlakatimizda energetika sohasida ilk bor “uch generatsiyali” texnologiya qoʻllanilyapti. Yuqori texnologik salohiyat talab etilayotgan mazkur texnologiya markazlashgan sovitish va isitish tizimi uchun zamonaviy yechim boʻlib, anʼanaviy quvvatlarga nisbatan 2 baravargacha kam energiya sarflaydi.

— Oddiy issiqlik markazlari yoki sovitish tizimlarida ishlab chiqarish jarayonlari alohida-alohida amalga oshirilsa, “uch generatsiyali” texnologiyada bularning barchasi yagona texnologik zanjir asosida birlashtiriladi, — deydi Energetika vazirligining Elektr energiya ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi Saidatham Anvarov. — Yangi Toshkentda aynan shu texnologiyaga asoslangan stansiyaning asosiy bino va inshootlari qurilyapti. Loyihaga koʻra, birinchi bosqichda issiqlik uchun 75 megavatt, sovitish tizimi uchun esa 100 megavatt quvvat yaratiladi. Qoʻshimcha ravishda 17 megavatt elektr energiyasi ham ishlab chiqariladi.

Tizimdagi yana bir yangilik — yopiq turdagi ilk nimstansiya ham Yangi Toshkentda barpo etilyapti. Quvvati 100 megavattga teng mazkur loyiha Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Yopiq turdagi ushbu inshoot anʼanaviylarga nisbatan bir qator ustunlikka ega. Yaʼni, shovqin darajasi turdoshlariga qaraganda ikki baravar past boʻlib, uch barobar kam joy egallaydi.

Energetika vazirligi masʼullarining aytishicha, shu kabi innovatsion va yuqori quvvatli loyihalar sharofati bilan elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni toʻliq qoplash chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Bunda muqobil energiya manbalariga ustuvor ahamiyati qaratilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Binobarin, 2030-yilgacha qoʻshimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushirilishi va generatsiyada “yashil” energiya ulushi 54 foizga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlar bunyod etilayotgani bu boradagi muhim qadam boʻldi.

Islohotlarning hozirgi bosqichida elektr energiyasi ishlab chiqarishdagina emas, balki uni yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etishga kirishildi. Ushbu yangilik dastlab Samarqandda sinab koʻrilayotgan boʻlsa, tez orada Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, 2027-yildan esa Namangan va Toshkent hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvi xususiy investorga berilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyiha doirasida tarmoq operatsion boshqaruvga olinadi, investitsiya kiritilib, tarmoqlar modernizatsiya qilinadi. Maqsad — yoʻqotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobargacha kamaytirib, yuqori tejamkorlikka erishish. Zero, davlatimiz rahbari Murojaatnomada iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni boʻlishi shart ekanligini belgilab berdi. Uning izchil ijrosi taʼminlanishi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini muttasil oshirish va energetik barqarorlikka xizmat qiladi.

Said RAHMON

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?