Asl jannat — Vatandir, bilsang!
Taniqli jurnalist, publitsist va shoir, “Adolat” ijtimoiy-siyosiy gazetasining Bosh muharriri Islom Hamro tabarruk 60 yoshga toʻldi.
Ijodkorning “Shoir boʻldik sendan ayrilib”, “Bagʻributunlik”, “Tazarru saltanati”, “Jahongirning qaytishi”, “Goʻroʻgʻlining oʻlimi” kabi sheʼriy va publitsistik asarlari oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan.
“Doʻstlik” ordeni sohibi, “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofoti sovrindori Islom Hamroga mustahkam sihat-salomatlik, uzoq umr, yangi ijodiy zafarlar va yutuqlar tilab qolamiz.
VATAN HAQIDA QOʻSHIQ
Bobom menga ertak aytgandi,
Men ham senga aytaman, bolam.
Olloh boʻlgan ekan zaminni,
Yaralganda bu koʻhna olam.
Kimga sovuq muzliklar nasib,
Choʻl tushibdi kimgadir chekka.
Noraso-yu, tarso olibdi,
Yer yetmabdi faqat oʻzbekka.
Tangri bundoq koʻkdan qarasa,
Taram-taram boʻlinmish zamin.
Shunda sodda oʻzbeklarga deb —
Toʻldirganmish jannatdan kamin.
Toʻgʻri, barcha elda quyosh bor,
Barcha yurtin yaxshi koʻradi.
Lekin bunday saxiy diyor yoʻq —
Bunda tosh ham meva beradi.
Toʻgʻri, suv bor barcha oʻlkada,
Quyosh ham bor, nursiz, otashsiz.
Giyohi bor, gullari ham bor,
Mevasi bor tuzsiz va taʼmsiz.
Togʻlari bor, tikan oʻsmaydi,
Bogʻlarida sayramas bulbul.
Men ularni yomon demasman,
Bobom aytgan rivoyatdir bul.
Oʻzing qara, jannat bu zamin,
Oʻxshasa ham garchi ertakka.
Ishon menga, bobom rost aytgan,
Jannat tekkan sodda oʻzbekka!
Agar jannat boʻlmasa edi,
Osmoniga ogʻu toʻlardi.
Birda emas, birda baribir
Bosqinchilar ado qilardi.
Keksa tarix guvoh necha bor,
Kim bu yurtni qilmadi orzu.
Ogʻaverdi bizga har safar —
Olloh oʻzi qoʻygan tarozu!
Qargʻamasman ularni, mayli,
Jannat tilar har ojiz banda.
Shukronaga aylanar tilim,
Men tugʻildim shunday Vatanda.
Shoir boʻldim, lekin taʼrifin —
Aytmoqlikka qoldi tilim lol.
Senu menga nasib etibdi
Bobom orzu qilgan istiqlol!
Endi asra, koʻzlaringga surt,
Tavof ayla oʻtgan har damin.
Yuragingdek avayla uni —
Toptamasin noxos bir gʻanim.
Bobom aytgan qissadan hissa:
Asl jannat — Vatandir, bilsang!
Yana boshqa jannat na darkor,
Agar oʻzing jannatda oʻlsang!
“SOʻZ” DOSTONIDAN
Men ham bir bolaman, oʻzbaki, sodda,
Huv olis qishloqda nomim koʻp ulugʻ.
Unda shotutlar ham, shoteraklar ham,
Har bitta sheʼrimni qiladi qutlugʻ.
Unda paxtazorlar, bedazorlar ham,
Hatto yulgʻun bosgan biyday dalalar.
“Bizdan shoir chiqqan, Toshkanda”, deydi,
Eshakka teskari mingan bolalar.
Unda ariqchada jildiragan suv,
Hatto chaqirtikan, yantoqlar doʻstim.
Men-chi? Bu shaharda ulgʻaydim… Faqat —
Soʻzni aytib emas, Soʻzni yeb oʻsdim.
Unda ketmoniga aytsa-da dardin,
Otam gʻoz yuradi, yoʻlimni poylab.
Onam oʻz-oʻziga soʻzlanib qoʻyar —
“Ishi juda koʻp-da, kelmaydi oylab”.
Unda tuproqkoʻcha, meni sogʻingan —
Singlimning poyiga bosh urar har kun.
“Hech boʻlmasa meni eslamaydimi?”
Toʻqson yoshli momom, pichirlar horgʻin…
Bunda men qishloqi, oʻzbaki shoir,
Bir Soʻzni aytolmay, yutolmay halak.
Kunduz boʻyinbogʻlik magʻrur qiyofa,
Tunlar to tonggacha yigʻlab chiqaman —
“Nega shoir qilib yaratding falak?..”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring