Noqonuniy daraxt kesish oqibati qariyb 200 million soʻmga tushdi
Mamlakatimizda daraxtlar va butalarni kesishga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan. Qolaversa, daraxtlarni noqonuniy kesish uchun jarimalar miqdori sezilarli darajada oshirilgan. Har bir kesilgan daraxt oʻrniga 100 tupdan koʻchat ekish majburiyati hamda katta-katta summada alohida jarimalar belgilangan.
Afsuski, olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan joylarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari hamon uchrab turibdi.
Xususan, Toyloq tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻlimi davlat inspektorlari tuman hududida kuzatuv reyd tadbirlarini oʻtkazish davomida Urgut tumanida yashovchi fuqaro O.U tomonidan tumanning Oʻray Elipok mahallasi hududidan noqonuniy tarzda oʻsib turgan 5 tup tol va 5 tup oq akatsiya daraxtini kesib olganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, fuqaro oʻsimlik dunyosiga yetkazgan zarar uchun 182 692 000 ming soʻm hisoblandi. Ayni damda tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etilmoqda.
Oxirgi yillarda daraxtlarni kesishga moratoriy eʼlon qilinib, tabiatga yetkazayotgan zararlarimiz oqibati bilan kurashyapmiz. Ammo barcha saʼy-harakatlarga qaramay, oʻrtaga pul kirganda, daraxtlarni kesish uchun ming bir bahona oʻylab topilib, daraxtlar kesilishi davom etyapti.
Shu oʻrinda aytish kerakki, bugun Samarqand viloyatidagi ekologik vaziyatni ham yaxshi deb boʻlmaydi. Samarqand shahri havosining ifloslanganligi boʻyicha Toshkentdan keyingi oʻrinda turishi ham mumkin. Bunga ishora qiluvchi juda koʻp omillar bor.
Tabiatga bunday tajovuzkorona munosabatning oxiri nima bilan yakunlanadi, shuni ham oʻylab koʻrdikmi? Xulosa qiladigan vaqt allaqachon yetib kelganligini unutmaylik.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring