Xabi Alonso “Real Madrid”ni yomon boshqardimi?
“Real Madrid” klubi 2025-yil iyun oyida Xabi Alonsoni bosh murabbiy etib tayinlab, klub afsonalaridan biri boʻlgan sobiq futbolchini murabbiy sifatida yangi era boshlovchisi deb qaradi. Ammo 2026-yil 12-yanvar kuni klub uning bilan kelishuv asosida shartnomani bekor qilganini eʼlon qildi, bu qaror Superkubok finalida “Barselona”ga 3:2 hisobida magʻlubiyatdan keyin qabul qilindi.
Alonso “Real Madrid”da deyarli 7 oy davomida ishladi va shu vaqt ichida jamoani La Ligada ikkinchi oʻringa olib chiqdi, ammo bu klubning baland standartlariga yetarli boʻlmadi. Jamoa Chempionlar ligasida ham kutilgan darajadagi natijalarni koʻrsatmadi va guruh bosqichining oʻzida 2-marta magʻlubiyatga uchradi.
Alonsoning boshlangʻich davri samarali boʻldi. U murabbiy sifatida La Liga ochilish oyida mukammal start qayd etdi va hattoki oyning eng yaxshi murabbiyi deb tan olindi. Bu uning taktik jihatdan chuqur bilimga ega ekanini koʻrsatdi. Alonsoning oʻyinga yondashuvi baʼzan murakkab va yomon natijalar bilan yakunlandi. “Atletiko Madrid” va “Liverpul”ga uchragan magʻlubiyatlar shular jumlasidan. Bu esa klub rahbariyatini xavotirga solgan.
Rahbariyatni tashvishga solgan yana bir asosiy masala, albatta, uning jamoa liderlari bilan boʻlgan munosabati boʻldi. Bu masalada qarashlar har xil boʻldi. Ammo Madrid klubiga yaqin manbalar agar voqealar rivoji shunday davom etsa, Junior emas, Xabi Alonso jamoani tark etadi, deb yozayotgandi. Amalda ham shunday boʻldi.
Umumiy hisobda Xabi Alonso “Real Madrid” bosh murabbiyi sifatida 226 kun ishladi. Ushbu muddatda u murabbiy sifatida 34 ta oʻyin oʻtkazdi va ularning 71 foizi “qaymoqranglilar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi. Faqatgina 6 ta oʻyin jamoaning magʻlubiyati bilan tugadi:
• Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatida PSJga 4:0 hisobida yutqazildi;
• La Ligada “Atletiko Madrid”ga 5:2, “Selta”ga 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchradi;
• Yevropa chempionlar ligasida jamoa “Liverpul”ga 1:0, “Manchester Siti”ga 2:1 hisobida imkoniyat boy berdi;
• Soʻnggi oʻyinda esa klub oʻzining azaliy raqibi “Barselona”ga 3:2 hisobida magʻlub boʻldi.
Yakunda “Alonso jamoani yomon boshqardimi?” degan savol tugʻiladi. Bunga quyidagicha javob berish toʻgʻri boʻladi: Yoʻq, Alonso “yomon murabbiy” boʻlgani uchun ketmadi. U mos kelmaslik, vaqt yetishmasligi va “Real Madrid” muhitining oʻta talabchanligi sababli ketdi.
“Real Madrid” — loyiha emas, natija talab etuvchi klub. U yerda ishlagan har qaysi murabbiy shu muammoga duch kelgan. Boshqa klublarda Alonso yana vaqt olgan boʻlardi, lekin “Real”da vaqt berilmasligi aniq edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Markaziy Osiyoning intellektual merosini ulugʻlashda yangi bosqich Toshkentda boshlanmoqda — The Washington Post
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring