Akademik Taxir Aripov tavalludining 80-yilligiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Bugun, 9-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi fan va davlat arbobi, akademik Taxir Aripov tavalludining 80-yilligiga bagʻishlangan “Bioorganik kimyo rivojining dolzarb muammolari” nomli respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻz ishini boshladi.


Mazkur konferensiyada professorlar, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Anjumanda soʻzga chiqqan zoolog olim, Fanlar akademiyasi akademigi Jaloliddin Azimov Taxir Aripovning ilmiy merosini yuksak baholadi.
“Taxir Fatixovich haqida qancha gapirsak ham oz. U kishining faoliyatiga nazar tashlasak, qilgan ishlari kishini lol qoldiradi. Taxir Fatixovichning doktorlik dissertatsiyasi zoologiya obyektlari asosida bajarilgan va yuqori natijalar olib kelgan. Yana bir narsani alohida taʼkidlash kerakki, Taxir Fatixovich oʻz vaqtida elimizning buyuk namoyondalari, akademiklar bilan birgalikda mehnat qilib, shu fidokorona mehnatlari tufayli sohaning yangi qirralarini kashf qilgan zabardast olim desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Taxir Fatixovichning hayoti va faoliyatini tahlil qilib, u kishini ensiklopedik olim deb atasak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Sababi Taxir Fatixovichning ximiya, biologiya fanlari rivojiga qoʻshgan hissasi bebahodir. Shu munosabat bilan Zoologiya instituti nomidan bugungi tavallud ayyomingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizga mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar tilayman”, — deydi akademik Jaloliddin Azimov.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori, professor Abdumutolib Ataxanov ham akademik Taxir Aripovning faoliyatini yodga olib, iliq fikrlarini bildirib oʻtdi.
“80 yosh juda muborak yosh hisoblanadi. Taxir Fatixovich mustaqillik yillaridagi 34-yilning 20-yilini Fanlar akademiyasida oʻtkazgan. Bu davr mobaynida juda koʻplab dolzarb mavzularda chiqish qilib, ilm-fan rivojiga oʻzining ulkan hissasini qoʻshgan. U kishini kuchli, analitik olim sifatida bilamiz. Shu fursatdan foydalanib, jamoamiz nomidan Taxir Aripovga mustahkam sogʻlik tilaymiz”, — deydi professor Abdumutolib Ataxanov.

Biofizika va ekologiya sohasidagi olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Taxir Aripov 1945-yilning 7-sentyabr sanasida Toshkent shahrida tavallud topgan. U 1970-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Turli yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo institutida laboratoriya mudiri, Oʻzbekiston Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, rais muovini, bosh ilmiy kotibi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida yetakchi consultant, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Taxir Aripov 2024-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. 2025-yilning 5-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

Fanlar akademiyasi akademigi Taxir Aripov tavalludining 80-yilligiga bagʻishlangan “Bioorganik kimyo rivojining dolzarb muammolari” nomli respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ertaga, 10-sentyabr kuni ham oʻz ishini davom ettiradi.
Foto: Yunus Boʻriyev (foto), Otabek Saidahmadov “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring