Shavkat Mirziyoyev Lombardiya gubernatori boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

15:33 11 Iyun 2025 Siyosat
164 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Lombardiya Italiyaning aholisi eng koʻp va yirik hududlaridan biri boʻlib, Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan viloyatlari qatoriga kiradi.

Oʻzaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Yaqinda Samarqand shahrida Bosh vazir Jorja Meloni bilan oʻtgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, zaʼfaron yetishtirish, notoʻqima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilgʻor texnologiyalari va investitsiyalarini Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Milan shahrida Oʻzbekistonning sanoat va eksport salohiyati koʻrgazmasini oʻtkazish, savdo uyi ochish va “Uzbek Organic” brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026-yilda Milanda Oʻzbekiston muzeylarining koʻrgazmasini tashkil etish masalasi oʻrganilmoqda.

Gubernator, oʻz navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston hududlari bilan keng koʻlamli sheriklikni yoʻlga qoʻyishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026-yilda Milan shahrida boʻlib oʻtadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер