Oltiariqlik bogʻbon eng qimmat uzum navini mahalliylashtirdi

11:36 17 Oktyabr 2024 Jamiyat
601 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oltiariq tumanining “Birlashgan” MFYda joylashgan Tokzor koʻchasida yashovchi Abdumutalib Gʻofurov seleksioner olim sifatida uzumchilik tarmogʻiga ilm-fan, innovatsiya gʻoyalarini keng joriy etmoqda.

2021-yili mirishkor bogʻbon AQSHning Kaliforniya shtatida madaniylashtirilgan “Avatar” uzum navini olib kelib, payvandlash usuli orqali koʻpaytirdi. Olim bu uzumga ramziy maʼnoda oʻzbekcha “Oytomchisi” nomini qoʻygan.

— Olti gektar bogʻim bor, uning bir qismida bir necha navli uzumlar yetishtiramiz,—deydi bogʻbon.—Moʻjazgina laboratoriyamizda mazkur uzum navi tajribadan yaxshi oʻtib, iqlim sharoitimizga tez moslashdi. Mevasi urugʻsiz, yirik va mazali boʻlgan ushbu nav kasalliklarga oʻta chidamli. Bu nav mevasini sanoat usulida ham qayta ishlash, mayiz holda quritish mumkin. Uzoq masofaga tashishga yaroqli hisoblanadi.

Qand miqdori mahalliy navlarga qaragnada biroz kam, lekin uygʻunlashgan taʼmlar mazasiga ega. Shu bois uni isteʼmol qilganda malina, qulupnay taʼmini ham his etasiz.

Ayni paytda ushbu uzum navi Oʻzbekiston bozorida eng qimmat – bir kilogrammi 200 ming soʻmgacha sotilmoqda. Hozirda seleksioner olim payvandtak usulida koʻpaytirish orqali “Avatar” koʻchatlarini buyurtma asosida bogʻbonlarga yetkazib bermoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?