“Suv kodeksi” qabul qilinishi mumkin. Dastlabki tafsilotlar maʼlum qilindi

12:24 30 Iyul 2024 Siyosat
852 0

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtmoqda. Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Bu haqda quyi palataning axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, suv va undan foydalanish sohasida yagona huquqiy hujjat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan “Suv kodeksi” loyihasida bir qator muhim normalar oʻz aksini topadi. Shu sababli ham bir qator masalalar bugungi majlisda muhokama markazida boʻldi.

Jumladan, suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritilyapti. Bundan tashqari, suvni yetkazib berish xizmati uchun toʻlovlar suv yetkazib berish xarajatlarini qoplashi hamda suv yetkazib beruvchining rentabelligini taʼminlashi zarurligi belgilanmoqda.

Shuningdek, suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari belgilab berilib, suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari soddalashtirilishi, suv fondi yerlari, shu jumladan tabiiy suv manbalari hududlari (daryolar, soylar, jilgʻalar, koʻllar, botqoqliklar va buloqlar) Suv xoʻjaligi vazirligi va uning hududiy tizim tashkilotlarining balansiga oʻtkazilishi ham ushbu qonun loyihasi bilan tasdiqlanishi mumkin.

Majlisda suvga doir munosabatlarda xalqaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari ham nazarda tutilmoqda. “Suv kodeksi” loyihasida havolaki normalar chiqarib tashlanib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalar kiritiladi. Shu tariqa, “Suv kodeksi”ning qabul qilinishi bilan Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari va ular bilan tasdiqlangan nizom va tartiblar bekor qilinadi.

“Kodeks suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni taʼminlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratishga, suv yetkazib beruvchilar va suv isteʼmolchilarining masʼuliyati oshirishga, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirilishiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Avvalroq, Parlament saylovlarining sanasi aniq boʻlgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер