Korrupsiya oliy taʼlim tizimini yemirmoqda

12:16 25 Fevral 2019 Jamiyat
3077 0

Illyustrativ foto

Oliy taʼlim tizimini uzoq vaqtdan beri ichdan yemirayotgan xastaliklar bor. Shulardan biri — oʻquv semestrlari yakunidagi tamagirlik, korrupsiya holatlari. Bu haqda marifat.uz manbasida maqola berildi.

“5”ning narxi qancha?

Bir tanishim maoshdan uzish sharti bilan moʻmaygina qarz koʻtardi. Sababini soʻrasam, oliy oʻquv yurtida oʻqiyotgan ukasining semestr baholarini olishi uchun zarur ekan. Uning aytishicha, naqd bir oylik maoshiga teng summa bor-yoʻgʻi 4-5 ta fanni “yopish”ga yetarkan. Tanishimning ukasi bilan suhbat esa quyidagicha boʻldi:

— Hamma oʻqituvchilar “oladi”mi?

— Yoʻq, “olmaydiganlar”i ham bor.

— Bitta fan uchun qancha berasizlar?

— “Stavka”siga qarab.

— Masalan...

— Agar semestrni “3”ga tamomlayotgan boʻlsangiz, “4” va “5”ga “yopayotgan”lardan kamroq berasiz. Oʻrtada 100—200 ming soʻmgacha farq bor.

— Ochiqdan-ochiq soʻrashadimi?

— Yoʻq, guruh sardorlari orqali...

Afsus... Bu holat faqat oʻsha tanishim, uning ukasi va u oʻqiyotgan muassasada boʻlganida edi, ehtimol, uni ogʻir xastalikka qiyoslamasdik.

Oʻqigan ham, oʻqimagan ham — barobar

Oliy oʻquv yurtiga qabul qilingan ayrim talabalar dastlab yuqori kursdagilardan muhim bir maʼlumotni surishtirib, aniqlashtirib oladi: semestr yakunida qaysi oʻqituvchi “oladi”, qaysisi esa yoʻq. Keyin oʻqish davomida shu “tavsiyalar” asosida ish koʻriladi.

— Baʼzi oʻqituvchilar uchun semestr davomida kimning qanday oʻqigani, darslardagi ishtiroki ahamiyatsiz, — deydi poytaxtimizdagi oliy taʼlim muassasalaridan birining bitiruvchi kurs talabasi. — Ayniqsa, nomutaxassislik fanlaridan dars oʻtuvchi oʻqituvchilar oʻqigandan ham, oʻqimagandan ham undirishga urinadi. Misol uchun, biz aniq fanlar yoʻnalishidagi fakultetda oʻqiymiz. Lekin dars jadvalimizga gumanitar fanlar ham kiritilgan. Bu fanlardan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishga urinsakda, yakunda bahoni belgilangan “stavka”lar hal qiladi.

Bugun oʻqituvchining mavqeyini oshirish boʻyicha koʻplab amaliy ishlar qilinayotgani hech kimga sir emas. Biroq talabaning choʻntagiga koʻz olaytirgan, undan manfaat koʻrish istagida turli nagʻmalarni oʻylab topayotgan pedagogning talabalar oldida qanday obroʻsi, hurmati boʻladi?! Biror oʻqituvchi haqida gap ketganda, ortidan “E, qoʻysangchi uni, uning bahosi... soʻm...” degan soʻzlar aytilishini oʻsha domlaning oʻzi bilarmikan?

Talabalar ham “oppoq” emas

Semestr yakunidagi korrupsiya holatida faqat oʻqituvchilarni ayblash fikridan yiroqmiz. Masalaning boshqa tomoni ham bor.

— Semestr tugashi arafasida ayrim talabalar “Domla, xizmat boʻlsa, aytavering, biz tayyormiz”, “Bahoni yaxshilashning biror yoʻli yoʻqmi? Kelishaylik”, deb keladi, — deydi oliy taʼlim muassasalaridan birining ismi oshkor boʻlishini istamagan oʻqituvchisi. — Na tortinish, na uyat bor ularda. Baʼzilari semestr davomida darsga umuman qatnashmagan, hatto fan boʻyicha daftari yoʻq. Qoʻshimcha topshiriq beray, desangiz, bajarishga hafsalasi yoʻq. Ularni qayta topshirishga qoldirishni xohlasamda, afsuski, koʻpincha bahosini olib ketadi.

— Siz baho qoʻymasangiz, unda qanday oladi? — deyman suhbatdoshimga hayrat bilan tikilib.

— Men qoʻymagach, ular kafedra mudiriga yoki boshqa rahbarlarga murojaat qiladi. Xullas, yoʻli topiladi. Ayrim talabalar “yuqori”da ishlaydigan tanish-bilishlarining “iltimosi” orqali baho oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?