Bolalar uchun “gapiradigan” kitob chop etilmoqda

12:51 17 Yanvar 2019 Jamiyat
4500 0

Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tasarrufidagi “Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi ilk bor Montessori tizimida bolalar uchun ovozli (gapiruvchi) kitobcha chop etmoqda. Bu haqda Agentlikning telegrammdagi https://t.me/uzapiofficial rasmiy kanalida xabar berildi.

Mazkur kitobcha yordamida bolalar rus alifbosi bilan tanishtiriladi. Maxsus tugmalar bosilganda har bir harfning ovozli talaffuzi yangraydi va bolalar oʻz talaffuzini ovozli namuna bilan taqqoslash imkoniga ega boʻladi.

Har bir sahifada alifbo harflari bilan boshlanadigan narsa-buyumlarning rasmi ham aks etgan. Bolajonlar bu rasmlar orqali narsa-buyumlar qanday nomlanishini eshitib, oʻrganishi mumkin. Qolaversa, kitobchada har bir harf uchun oʻsha harf bilan boshlanuvchi toʻrtlik sheʼrlar ham berilgan boʻlib, ularni audio shaklida ham tinglash mumkin.

Bundan tashqari, bolalar kitobdagi harflarning yozma namunalarini marker bilan yozishlari va oʻchirishlari mumkin. Bu esa kitobdan qayta-qayta foydalanish imkonini yaratadi.

Maktabgacha taʼlim yoshidan boshlab yozuv motorikasini, soʻzlashuv nutqini rivojlantirish bilan shugʻullanish juda muhimdir. Bolalar diqqatini matnga jalb qilishda mazkur ovozli “ABVGDЕyka” alifbo kitobi katta yordam beradi.

Jumladan:

  • bola u bilan mustaqil shugʻullana oladi;
  • u bolaga xohlagancha takrorlash imkonini beradi;
  • bola oʻz shaxsiy ritmi asosida ishlay oladi.

 

Ushbu kitobcha maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari hamda ota-onalarga bola tarbiyasiga koʻmak beruvchi yaxshi qoʻllanma boʻlishi shubhasiz.

“Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi 2019 yilda mazkur kitobning oʻzbek tilidagi “ALIFBO”sini hamda sanoq sonlar va hayvonlar haqidagi variantini chop etishni rejalashtirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?