Jazirama kamida ikki hafta davom etadi

18:09 26 Iyul 2018 Dunyo
2445 0
Illyustrativ foto

Oksford universiteti olimlari sayyoramizning turli nuqtalari, jumladan, Shimoliy yarim sharda joylashgan Buyuk Britaniya va Yaponiyada kuzatilgan jazirama sababini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lashmoqda. Bu haqida Guardian nashri xabar berdi.

Iqlimshunos Maylz Allenning so‘zlariga ko‘ra, anomal issiq harorat o‘tmishda ham bo‘lgan. Masalan, 1976 yilda Angliyada meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq - Selsiy bo‘yicha 35,9 daraja qayd etilgandi. O‘shanda buning oqibatida davomli qurg‘oqchilik ro‘y bergandi. Lekin o‘tgan asr ikkinchi yarmida Yer atmosferasining o‘rtacha harorati hozirdagidan Selsiy bo‘yicha qariyb 0,7 daraja past edi. Biroq global isish davri kelishi bilan jazirama kunlar tez-tez kuzatila boshlandi.

Butunjahon meteorologik tashkilotlari mutaxassislari 2018 yilda sayyoramizda iqlim o‘zgarishi tufayli Shimoliy yarim sharda rekord darajada issiq ob-havo qayd etilganini ta’kidlashdi. Ularning fikricha, favqulodda yuqori haroratli kunlarning kirib kelishi atmosferaga parnik gazlari chiqarilishi davom ettirilayotgani oqibatidir.

Iqlimshunoslarning aytishicha, Yevropada havo harorati kamida ikki haftadan so‘nggina tushadi. Biroq Skandinaviya va Boltiq mintaqalarida yong‘in xavfi yuqoriligicha qoladi. Birgina iyul oyining o‘rtalarida Shvetsiyada 50 ta o‘rmon yong‘ini qayd etildi. Gretsiyadagi o‘rmon yong‘inlari ham iyul oyidagi jazirama va kuchli shamollar bilan bog‘liq. Issiq havo haroratining sababi sifatida esa antitsiklon(atmosfera girdobiga qarshi) tizimi barqarorligi va yuqori bosim ko‘rsatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni Yaponiyada mamlakatdagi eng yuqori havo harorati – 41,1 daraja kuzatildi. Bir necha haftadan buyon kuzatilayotgan bu kabi ob-havo oqibatida esa insonlar hayotdan ko‘z yumdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?