Yangi Qonun bilan qator muhim oʻzgartishlar kiritilmoqda. Bu sugʻurta polisi yonida boʻlmagan haydovchilar uchun ham muhim

16:49 11 Sentyabr 2020 Siyosat
1901 0

Senatning yettinchi yalpi majlisi kun tartibidagi navbatdagi masala – “Byurokratik toʻsiqlar yana-da qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik toʻsiqlarni yana-da qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Prezidentning ushbu qaroriga ayrim qonun hujjatlarini muvofiqlashtirish maqsadida jami 6 ta qonun va 3 ta kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 291-moddasiga, transport vositalarini ushlab turish va koʻrikdan oʻtkazish asoslari va tartibiga oʻzgartish kiritilmoqda.

Endilikda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi yonida boʻlmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda ularning avtotransport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi. Bu bilan fuqarolar mulk huquqlarining kafolatlari kuchaytiriladi. Bu esa fuqarolarga nisbatan jazo bazasini qisqartirgan holda korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

Kodeksning 6-moddasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish borasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari chiqarib tashlanmoqda. Yaʼni jamoat tartibini saqlash masalalari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi bilan tartibga solinmagan boʻlsa, shuningdek, tabiiy ofat va epidemiyalar bilan kurashish masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilishni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanmoqda. Oqibatda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatida korrupsiyaviy holatni keltirib chiqaruvchi diskretsion vakolatga chek qoʻyiladi.

Shuningdek, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 42, 98 va 103-moddalariga kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan texnologik, oʻrmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishishni nazarda tutadigan funksiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda. Natijada, suv va suv obyektlaridan foydalanish sohasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini erkin olib borish uchun ortiqcha byurokratik toʻsiq olib tashlanadi.

Mehnat kodeksining tegishli moddalariga ham oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, Kodeksning 80-moddasidan ishga kirayotgan shaxsdan talab qilinadigan hujjatlar roʻyxatidan turar joydan maʼlumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada fuqarolar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzishda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar olib tashlanib, sansalorliklarga chek qoʻyiladi.

“Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyat organlarining atmosfera havosini ifloslantirishning turgʻun manbalari tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish boʻyicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasida nazarda tutilgan shartlar va talablar buzilishi bilan bogʻliq faoliyatni cheklash, toʻxtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda. Oqibatda mahalliy davlat hokimiyat organlarining oʻziga xos boʻlmagan funksiya va vakolatlari bekor boʻladi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini toʻlaqonli tashkil etilishi taʼminlanadi.

“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 34 va 45-moddalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash uchun ruxsatnoma berish boʻyicha funksiya va vazifalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalariga oʻtkazilmoqda. Natijada yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining aralashuvi qisqartiriladi.

Qolaversa, Uy-joy Kodeksining 111-moddasida mulkdor, ijaraga oluvchi, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosining turar joyni almashtirish toʻgʻrisidagi arizasiga ilova qilishi lozim boʻlgan hujjatlardan turar joyda yashayotgan shaxslar koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma talab qilish bekor qilinmoqda.

Shuningdek, ushbu Kodeksning 117-moddasidan fuqarolar tomonidan saqlash guvohnomasi (bron) berish toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar tasnifidan ham yashash joyidan maʼlumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada turar joylarni almashtirish va saqlash guvohnomasi (bron) berishda fuqarolardan yashash joyidan maʼlumotnoma talab etilmaydi.

“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan atmosfera havosini ifloslantirishning oʻrmonlarning holatiga zarar yetkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va tugatish boʻyicha qaror qabul qilishni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanmoqda. Buning oqibatida tadbirkorlarning faoliyatiga davlat hokimiyati organlari tomonidan aralashuvi qisqartiriladi.

“Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasida dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxs tomonidan arizasiga ilova qilinadigan hujjatlardan yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organidan olinadigan maʼlumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Buning natijasida vasiy va homiy boʻlish istagini bildirgan fuqarolarga qulaylik yaratiladi.

“Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasi ikkinchi qismidan nazorat ostidagi shaxsning qayerdaligi aniqlanmagan taqdirda ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsning turar joyi va yetib kelmaslik sabablarini aniqlash boʻyicha koʻrilgan choralar haqidagi hujjatlardan fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan beriladigan maʼlumotnoma bekor qilinmoqda. Natijada ichki ishlar organlarining ish yurituvini soddalashtirishga imkon yaratiladi.

Qizgʻin muhokamalardan soʻng senatorlar tomonidan “Byurokratik toʻsiqlar yana-da qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillari joriy qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullandi.

Qonun Prezident tomonidan imzolangandan soʻng, kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?