Tuproqqa qorilayotgan tarix: Denovdagi tarixiy madrasa e’tiborga muhtoj
Denov shahridagi Said otaliq madrasasi XVI asrda Xo‘ja Alouddin Attorga atab bunyod etilgan. Bu ulug‘ zot xalq orasida Shayx Attori Valiy nomi bilan shuhrat qozongan. Alouddin Attor Bahouddin Naqshbandiyning kiyovi bo‘lib, tariqat ta’limotini keng yoyish maqsadida Denovga ko‘chib kelgan va shu yerda vafot etgan. Manbalarga ko‘ra, madrasa u kishining o‘g‘illari va nevaralari tomonidan 26 yil davomida qurilgan.
O‘ziga xos loyiha asosida qurilgan madrasa asrlar davomida ilmu urfon, ma’rifat maskani sifatida xalqimizga xizmat qilgan. Bu yerda tahsil olgan tolibi ilmlar orasidan ne-ne ulug‘ olimu fuzalolar yetishmagan deysiz?!
Afsuski, bu muazzam, muqaddas maskan bugun mutasaddilarning e’tiboriga muhtoj. U kundan kunga nurab, vayronaga aylanmoqda. Garchi so‘nggi yillarda maqbara bir necha bor naridan-beri ta’mirlangan bo‘lsa-da, to‘la rekonstruksiya qilinmagan. Natijada inshootning ayrim qismlari nurab, yoriqlar paydo bo‘lgan.
Madrasaning birinchi qavatidagi hujralarning barchasi tadbirkorlarga ijaraga berilgan bo‘lib, undan omborxona sifatida foydalanilmoqda. Hattoki, ayrim hujralar maskansiz kimsalarga qo‘nalg‘a vazifasini ham o‘tayotgani achinarlidir...
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylashga yuksak darajada e’tibor qaratilayotgan bir paytda Said otaliq madrasasini ta’mirlash, uni turistik markaz yoki avvalgidek ziyo maskaniga aylantirishga nima monelik qilmoqda? Axir, mutasaddi rahbarlar, mahalliy hokimlik maqbarani bor holicha saqlab, uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishga bevosita mas’ul ekanliklarini nahotki anglamasalar?!
Maqbara bugungi ahvolini quyidagi suratlar ham ko‘rsatib turibdi.
“Xalq so‘zi” mazkur masalaga mutasaddilarning munosabatini kutadi va bu mavzuga yana qaytadi.
Ilhom RAHMATOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Muallif olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring