SHHT tinchlik va do‘stlik sarhadlarini mustahkamlaydi

16:41 15 Avgust 2018 Siyosat
255 0
Arxiv foto: XPK

Shu yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 18-sammiti bo‘lib o‘tdi. Ekspertlar uni tarixiy va qator muhim tashabbuslar qo‘llab-quvvatlangani bois, hatto tashkilotning keyingi davrini belgilab berdi, deya ta’riflamoqdalar. Ana shu sammitda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norovni SHHT Bosh kotibi lavozimiga tasdiqladilar. U 2019 yil 1 yanvardan o‘z lavozimiga rasman kirishadi. Muxbirimiz Vladimir Norov bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

— Vladimir Imomovich, Sindao sammitining asosiy natijalari nimalardan ­iborat bo‘ldi?

— Bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti bir qator obro‘li va nufuzli xalqaro tashkilotlar orasida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lmoqda, mintaqaviy va global miqyosda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishning ta’sirchan omili bo‘lib ­xizmat qilyapti.

O‘z navbatida, qayd etish joizki, tashkilot o‘z ishida ochiqlik va uchinchi tomonga qarshi yo‘nalmaslik tamoyillariga tayanmoqda. Ishonch, teng­lik, o‘zaro manfaat va maslahatlashuvlar, madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish, hamkorlikda rivojlanishga intilishga asoslangan “Shanxay ruhi”ga sodiqlik qo‘shni va uzoq mintaqalar mamlakatlari, xalq­aro va hududiy tashkilotlarning SHHT bilan hamkorlik qilishga qiziqishini oshirdi. XXRning raislik qilgan davrida o‘tkazilgan 160 dan ziyod tadbirlarning ijobiy samarasi o‘laroq hamjihatlik va yakdillik poydevori yanada mustahkamlandi.

Sindaodagi sammitda davlatlar ­rahbarlari Xitoyning SHHTga raislik qilgan yil yakunlarini, kelgusidagi hamkorlik rejalarini atroflicha muhokama qildilar, shuningdek, tashkilotning rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Ushbu sammit bir qancha omillar orqali SHHT faoliyatida yangi davrni boshlab berib, tarixiy ­ahamiyat kasb etadi:

Birinchidan, SHHTga a’zo mamlakatlar yetakchilarining Sindaodagi uchrashuvi tashkilotga yangi a’zolar — Hindiston va Pokiston qo‘shil­ganidan keyingi ilk sammit.

Bu davlatlar tashkilotga kirishi bilan SHHT dunyodagi eng katta hududni va sayyora aholisining deyarli yarmini qamrab olgan, jahon YAIMning uchdan birini ishlab chiqaradigan eng yirik xalqaro tashkilotga aylandi. Bunday ko‘lam tashkilot makonida hamkorlik uchun katta istiqbollarni ochish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat bilan ko‘p tomonlama faol aloqalar uchun yangi ufqlarni ochadi, mintaqaviy, xalqaro xavfsizlik va ­barqarorlik, birgalikda og‘ishmay taraqqiy etish yo‘lida xizmat qiluvchi SHHTning muloqot maydonini kengaytiradi.

Ikkinchidan, sammit SHHTning jahon ayvonidagi nufuzi va ta’siri ortganini namoyon etdi. Sindao­da 12 mamlakatdan davlat yoki hukumat boshliqlari, shuningdek, 8 ta xalqaro tashkilot va muassasalar rahbarlari yig‘ildi. BMT Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari ­Amina Muhammad, ASЕAN, MDH, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Osiyoda Hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabilarning oliy rahbarlari, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, Jahon banki va XVJdan yuqori darajadagi vakillar sammitda ishtirok etdi. Ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy mehmonlar 2 mingdan ortdi, tadbirni 3 mingdan ziyod xitoylik va chet el jurnalistlari yoritib bordi.

Xitoy Xalq Respublikasi o‘zining bir yillik raislik davrida yanada xavfsiz va taraqqiy etgan dunyoni yaratish maqsadida SHHT makonidagi yangi xavf-xatarlarni ­yengib o‘tishga katta hissa qo‘shgani sammitning barcha ishtirokchisi ­tomonidan e’tirof etildi.

Uchinchidan, Sindao sammiti SHHTdagi hamkorlikning huquqiy bazasini sezilarli darajada kuchaytirdi. Ko‘p tomonlama aloqalarning barcha sohasini qamrab olgan 23 ta hujjat qabul qilindi. Bu — SHHT sammitlari tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Yakuniy hujjat bo‘lmish SHHTga a’zo mamlakatlar yetakchilarining Sindao deklaratsiya­si ishtirokchilarning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlashga oid masalalar bo‘yicha ­yakdil pozitsiyasini aks ettirdi. Davlat rahbarlari hamkorlikni kuchaytirish va aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zaruratini bir ovozdan tasdiqladi. A’zo mamlakatlarning birdamlik hamda o‘zaro manfaat asosida “Shanxay ruhi” va murosa tamoyiliga qat’iy rioya qilishi dunyoning ko‘plab mintaqalari mahalliy mojarolarga duch kelayotgan, global boshqaruv tizimi inqirozni boshdan kechirayotgan bir davrda SHHTni jahon hamjamiyati uchun o‘ziga xos namunaviy makonga aylantiradi. SHHTga Janubiy Osiyoning ikki eng yirik davlati qo‘shilgach esa, bu yanada dolzarb vazifaga aylandi. Sindao deklaratsiyasi tomonlarning yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona aloqalarni rivojlantirishda, o‘zaro chegaralarni mustahkam ­tinchlik va do‘stlik sarhadlariga aylantirishda davom etish niyatini tasdiqladi.

Sammitda SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2018 — 2022 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi ma’qullandi. Qabul qilingan muhim hujjatlardan qu­yidagilarni tilga olish mumkin: Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2019 — 2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Atrof-­muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi, SHHTga a’zo mamlakatlarning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan narkotiklarga qarshi strategiyasi, Narkotik vositalar va psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishning oldini olish bo‘yicha SHHT Konsepsiyasi kabilardir. SHHTga a’zo davlatlar yetakchilarining Yoshlarga qo‘shma murojaati hamda Davlat rahbarlarining savdo tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bayonoti qabul qilindi.

Shubha yo‘qki, Sindao sammitida erishilgan kelishuvlar hozirgi tahdidlar va xatarlarga qarshi kurashish, mamlakatlarimizning bar­qaror taraqqiyotini ta’minlash, SHHTning mintaqaviy hamda xalqaro siyosatdagi rolini oshirish borasida samarali va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ularning tatbiq etilishi tashkilot ­faoliyatiga yangi kuch va sur’at bag‘ishlaydi. SHHT a’zolari yetakchilari qarorlarining ro‘yobga chiqishi, mohiyatan tashkilotning zamon bilan hamnafas, uyg‘un, izchil taraqqiy etayotganini anglatadi.

Shu tariqa Sindaoda o‘tgan sammit SHHT faoliyati samaradorligini, unga a’zo davlatlarning esa bugungi tahdidlar qarshisida umumiy intilishlarni birlashtira olishini yana bir bor ko‘rsatdi. Fikrimcha, Sindaodagi uchrashuvlarning asosiy natijasi ham ­aynan shu.

— Sammitning yakuniy hujjati bo‘lmish deklaratsiya­da O‘zbekistonning yangi tashabbuslari qanday o‘rin egalladi? Hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlashda ularning ahamiyati qay darajada?

— SHHT kengayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Markaziy Osiyoda, ham SHHT makonida yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlikning yangi muhitini shakllantirishga qaratilgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston tashabbuslari SHHTni yanada rivojlantirish, uning iqtisodiy va siyosiy salohiyatini oshirish, xalqaro ta’sirini kuchaytirishda katta ahamiyatga ega. Sindao deklaratsiyasida ishtirokchi davlatlar BMT Bosh ­Assambleyasi 72-sessiyasida O‘zbekiston ilgari surgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. Shuning­dek, joriy yil mart oyida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi yakunlarini ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish jarayoniga katta hissa qo‘shgan qadam sifatida olqishladilar.

— O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati va uning qoidalari ijrosi bo‘yicha Harakatlar dasturi haqida kengroq to‘xtalsangiz.

— Bugungi kunda yoshlarni terrorchilik, ayirmachilik va ekstremistik guruhlarga jalb qilishga urinishlarga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyatning kuchlarini birlashtirish masalasi birinchi o‘ringa chiqmoqda. SHHT mamlakatlari yoshlar o‘rtasida radikal va buz­g‘unchi g‘oyalar tarqalishiga qarshi o‘zaro uyg‘un, kechiktirib bo‘lmas choralar zarurligini anglab yetmoqda. A’zo mamlakatlar birgalikda ishlash fikrida qat’iydirlar. Bu, xususan, Yoshlarga qo‘shma murojaat qoidalari ijrosi bo‘yicha Harakatlar dasturida ham aks etgan. Unda har tomonlama barkamol shaxsni, buzg‘unchi kuchlarga qarshi turish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlarni zamonaviy bilimlarni egallashga jalb qilish, millatlar­aro bag‘rikenglikni mustahkamlash, vatanparvarlik va hamjihatlik tuyg‘ularini uyg‘otish bo‘yicha vazifalar ko‘zda tutilgan. Dastur yoshlarni tadbirkorlik fao­liyati va innovatsion loyihalarga jalb qilish, ilmiy-texnikaviy tajriba almashuvlar hamda birgalikdagi tadqiqotlarni faollashtirish, ­xalqaro terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish uchun yoshlar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qo‘shma iqtisodiy va ijtimoiy tashabbuslarni ilgari surishni nazarda tutadi.

Bunda Prezident Shavkat ­Mirziyoyevning SHHT Yoshlar kengashi mazkur dasturning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘la olishi haqidagi bayonoti amaliy ahamiyat kasb etadi. Uning ishini tashkil qilishda O‘zbekiston eng faol ­ishtirokchilardan biri bo‘lishni niyat qilgan.

Aniqki, bu barcha g‘oyalar SHHT davlatlari yoshlarining jamiyat hayotida faol qatnashishiga, ularning imkoniyat va salohiyatini ­shaxsiy rivojlanish, yuksalish uchun, o‘z yurti taraqqiyoti hamda xalqaro muloqotni mustahkamlashga hissa qo‘shish uchun safarbar etishga ­turtki bo‘ladi.

BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasini hamda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaatini qabul qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro siyosiy hamda tahlilchi-ekspert doiralarda keng ma’qullanganiga alohida e’tibor qaratish joiz. Ularning SHHT tomonidan qo‘llab-quvvatlangani esa a’zo mamlakatlarning tashkilot jipsligini mustahkamlash, jahon maydonidagi ta’sirini oshirish, mintaqaviy va xalqaro ahvolning dolzarb masalalari borasida “bir ovozdan” gap aytishga urinayotganini anglatadi.

— SHHTning Sindao sammitida Davlat rahbarlari kengashi SHHT Bosh kotibligiga Sizning nomzodingizni tasdiqladi. Ushbu lavozimda o‘z ishingizni qanday tashkil qilmoqchisiz?

— SHHTning Sindao sammiti men uchun kasbiy hayotimdagi muhim ­davrning boshlanishi bo‘ldi. Bosh kotiblikka tayinlanishimni SHHT davlatlar rahbarlari, eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilgan yuksak ishonch, o‘zim uchun katta sharaf, deb bilaman. Bu, ayni damda, katta mas’uliyat hamdir. Lavozim majburiyatlarini bajarishga kirishgach, SHHT an’analarini davom ettirish, tashkilotni yanada rivojlantirish, SHHT Kotibiyati tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun baholi qudrat xizmat qilishni niyat qilyapman. Ushbu vazifada SHHTga a’zo barcha mamlakatlar manfaatlarini himoya qilishni o‘z ishimning bosh tamoyili, deb bilaman.

Sindao sammitida tomonlar umumiy kelajakka ega jamiyat ­yaratish uchun turli sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishdilar. SHHT Kotibiyatining yangi rahbari sifatida quyidagi to‘rt yo‘nalishga alohida ahamiyat qarataman:

Avval qabul qilingan, SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini kuchaytirish va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar va asos hujjatlar ijrosini to‘la ta’minlash. Butun dunyoda mavhumlik va oldindan aytib bo‘lmaydigan holat hukm surayotgan bir paytda SHHT makonida o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarni yaxshilash — biz uchun hayotiy muhim ­vazifa. Eng ­asosiysi, Sindaoda qabul qilingan Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2018 — 2022 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasining o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash. Qozog‘iston ­Prezidenti Nursulton Nazarboyev ta’kidlaganidek, bu hujjat hamkorligimizning tub asosi bo‘lib, usiz oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga, shu jumladan, tashkilot hududida xavfsizlik va rivojlanishga ­erishish imkonsizdir. SHHT mintaqasida uning ijrosini ta’minlash Afg‘onistondagi voqealar rivojiga ham chambarchas bog‘liq. Ushbu omilni inobatga olsak, hamkor davlatlarning bu yo‘nalishdagi intilishlarini birlashtirish uchun “SHHT — Afg‘oniston” muloqot guruhi mexanizmini faol ishga solish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir ­Putin bayonotida aytilganidek, mazkur davlat hududidan kelib chiqayotgan terroristik xatarga qarshi birgalikda kurashish, giyohvandlik moddalari ishlab chiqarish va tranzitini yo‘q qilish, Afg‘onistonga milliy yarashuv, iqtisodiy tiklanish va barqarorlikni ta’minlash ishida ko‘mak berishi muhim.

Iqtisodiy hamkorlikni ­faollashtirish orqali SHHT kun tartibini mazmunan boyitish. Tashkilotga asos solingan paytdan buyon o‘tgan yillar ichida garchi iqtisodiy sherikchilikni chuqurlashtirish SHHTning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, deya e’lon qilingan bo‘lsa-da, a’zo mamlakatlar ko‘p tomonlama qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga muvaffaq bo‘lmadi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlikning rivojlanishi eng past darajada qolib ketyapti. Shu munosabat bilan SHHT sammitida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-inves­titsiyaviy loyihalarni ikki tomonlama shakldan ko‘p tomonlama ko‘rinishga olib chiqish zarurati qat’iy ta’kidlandi.

Jahon savdosida proteksionizm­ning kuchayishi, dunyo bozorlari ­sog‘lomlashuvining sustligi sharoi­tida SHHTning ixtisoslashtirilgan mexanizmlari doirasidagi ­aloqalarni ko‘paytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon qayd etganidek, SHHTning Banklararo birlashmasi va Ishbilarmonlar kengashining tashkilotga a’zo mamlakatlar biznes doiralarini bog‘lovchi ishonchli ko‘prik sifatidagi rolini kuchaytirish hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Ayni damda yangi yirik va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni yaratish hamda ro‘yobga chiqarish, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun tegishli moliyaviy vositalar, aniqrog‘i, SHHT Taraqqiyot banki va Taraqqiyot fondi (maxsus hisob)ni shakllantirish bo‘yicha umumiy harakatlarni faollashtirish zarurati yuzaga keldi. Tashkilot doirasida ustuvor qo‘shma lo­yihalarni moliya­lashtirish bo‘yicha ko‘p qirrali mexanizmlarni ­yaratish oldimizdagi muammolarni yanada samaraliroq yechish imkonini ­beradi.

Qolaversa, SHHT davlatlari hududida eksport-import operatsiyalarini soddalashtirish, aniq iqtisodiy, infratuzilmaviy va transport-logistika loyihalarini ishga tushirish, ko‘p tomonlama mintaqaviy aloqalarni SHHT Hududlar rahbarlari forumi maydonchasini qo‘llagan holda rivojlantirish o‘zaro savdo aylanmasining oshishi uchun talab etilayotgan zaminni hosil qiladi. Shu ma’noda, XXR ­Raisi Si Szinpinning Xitoy va SHHT o‘rtasida mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun Sindaoda maxsus namoyish zonasini barpo etish, shuningdek, biznes aloqalarda huquqiy ko‘mak berish maqsadida SHHTga a’zo mamlakatlar uchun yuridik xizmatlar qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi bayonoti ham ­muhim sanaladi. SHHT Banklararo konsorsiumi doirasida Xitoy 30 milliard yuan hajmidagi maxsus kredit mexanizmini yaratadi.

Eslatib o‘tishni istardimki, O‘zbekiston Prezidenti Sindaodagi sammitda SHHT makonining tranzit salohiyatidan samarali foydalanish masalasini muhim strategik vazifa sifatida tilga oldi. Shavkat Mirziyoyev “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqalararo transport ­lo­yihalarini amaliyotga tatbiq qilish dolzarb ekanini alohida ta’kidladi. Bu transport yo‘laklari — eng yirik dunyo bozorlariga olib boruvchi qisqa yo‘nalishlardir. O‘zbekiston Mozori Sharif — Hirot, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘l liniyalari qurilishini ma’qullaydi. Qirg‘i­ziston Prezidenti Sooranbay ­Jeenbekov SHHT mamlakatlarining tranzit va eksport salohiyatini sezilarli darajada oshiradigan Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi tezroq ishga tushirilishidan respublika manfaatdor ekanligini bildirdi. Shu maqsadlarda O‘zbekistonda SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l bo‘yicha idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. SHHTning Xalqaro transport-logistika ­assotsiatsiyasini tashkil qilish ­taklifi ilgari surildi.

SHHT makonida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni faol joriy etish. Hayotimizga axborot texnologiyalari chuqur kirib borar ekan, raqamli jamiyatga o‘tish globallashuv jarayonlarining zaruriy sharti bo‘lib qolmoqda. Shu boisdan SHHT doirasida innovatsiya ­dasturlari va loyihalarini birgalikda ro‘yobga chiqarish uchun a’zo davlatlarning harakatlarini birlashtirish talab etiladi. Hamkorlik yuqori texnologiyalarni, raqamli iqtisodiyot va muqobil energetikani rivojlantirish hamda keng joriy etishga qaratilmog‘i kerak.

SHHT mamlakatlarining aksariyatida raqamli iqtisodiyotni taraqqiy ettirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilgani va ishlayotganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, elektronlashtirish jarayonlarini tezlashtirish va yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq qilishga ustuvorlik berilishi tashkilotdagi barchaning manfaatlariga ­javob beradi.

Shuni hisobga olish lozimki, XXR jamiyat va davlatni raqamli tizimga o‘tkazish borasida dunyoning eng yetakchi davlatlaridan biridir. Xitoy tomonidan to‘plangan tajriba ushbu yo‘nalishni SHHTga a’zo boshqa mamlakatlarni rivojlantirishda hal qiluvchi o‘rin tutishi mumkin. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, XXR yalpi ichki mahsulotida axborot texnologiyalari sohasining ulushi 4,7 foizga teng. Dunyo bo‘yicha elektron savdolar tranzaksiyalari umumiy hajmining 40 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. “The Boston Consulting Group” kompaniyasi ma’lumotlariga qaraganda, 2016 yilda xitoylik iste’molchilar internet orqali savdolarda 750 milliard dollarga yaqin pul sarflashgan. Yirik internet-kompaniyasi “Alibaba” Xitoy raqamli iqtisodiyotida shu paytgacha 31 million ish o‘rni yaratdi va 2035 yilga borib bu ko‘rsatkichni 122 millionga yetkazmoqchi. Hozir mazkur kompaniya SHHT hududida ham faol ish boshlagan: 2017 yilda SHHT mamlakatlaridan 20 million iste’molchi “AliExpress” ­orqali Xitoydan tovarlar sotib olgan.

“Alibaba” biznes-maktabi elektron tijorat sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha global dasturni ishga tushirdi. Undan ko‘zlangan maqsad talabalar va tadbirkorlarga raqamli iqtisodiyot ko‘nikmalarini o‘rgatish orqali butun dunyoda elektron tijorat rivojini tezlashtirishdir. Besh yil ichida 1,2 million nafar kishini o‘qitish rejalashtirilmoqda. Hozirgi paytda ASЕAN mamlakatlari talabalari ushbu dasturda qatnashmoqda. SHHT davlatlari oliy o‘quv yurtlari ham unga faol qo‘shilishlari lozim, deb o‘ylayman. Ahamiyatlisi, yoshlar uchun AKT sohasida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va ­ke­lishish SHHTga a’zo davlatlar ­rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qoidalari ijrosi bo‘yicha Harakatlar dasturidagi asosiy bandlar sanaladi.

Davlatlar yetakchilarining innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar borasida hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha Sindaodagi bayonoti soha rivojiga yangi kuch ­berib, SHHT mamlakatlarining bu boradagi ulkan va hali to‘liq ochilmagan salohiyatini yuzaga ­chiqarishga yordam beradi. Ushbu yo‘nalishlarning “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2018 yilda, shuningdek, Harakatlar strategiyasida Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan O‘zbekistonning ustuvor maqsadlari bilan ham­ohang ekani diqqatga molik.

Shavkat Mirziyoyevning SHHT mamlakatlari hukumatlari va ishbilarmon doiralari ishtirokida Axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi amalga oshsa, u hamkorlikning ­samarali mexanizmi va tajriba almashish uchun muhim maydonga aylanishi, shubhasiz. Barcha a’zo mamlakatlarning ilmiy-texnikaviy va texnologik salohiyatini ishga solish texnologik sakrashga erishishni ta’minlabgina qolmasdan, SHHT doirasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni ­diversifikatsiyalashga yordam ­beradi.

SHHTga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyatini oshirish. Bu ulkan imkoniyat manbaidir. Bugun xalqaro hamjamiyat, xususan, 3,2 milliard aholiga ega SHHT mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek dolzarb masala qarshisida turibdi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 1956 yilda 20 million nafar bo‘lgan Markaziy Osiyo aholisi hozirgi kunga kelib 70 million nafarga yetdi. 2050 yilga borib esa mazkur ko‘rsatkich 94 million nafarga chiqadi va bu mintaqani oziq-ovqat bilan ta’minlash muammosini, shubhasiz, yanada chuqurlashtiradi. Bu bozorni sifatli, xavf­siz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralar qabul qilishni taqozo etadi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumot berishicha, 30 yildan so‘ng Yer yuzi aholisini boqish uchun hozirgidan ko‘ra 70 foiz ko‘proq oziq-ovqat kerak bo‘ladi. Bu esa innovatsion texnologiyalar joriy etish, jumladan, maxsus texnologik qishloq xo‘jaligi parklarini yaratish hisobiga agrar soha samaradorligini oshirishning dolzarbligini yanada kuchaytiradi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun “yashil yo‘laklar” tashkil etish, ularni yetishtirish va qayta tayyorlashning klaster tizimini rivojlantirish g‘oyasi alohida e’tiborga sazovor. Bu taklif barcha tomonning manfaatlariga javob beradi, chunki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining SHHTga a’zo davlatlar bozoriga eksportini kengaytirish ularning o‘zaro faol hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi. Barcha uchun manfaatli bunday rejalar SHHTga a’zo davlatlar yetakchilarining “Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorligi dasturi loyihasini ishlab chiqish to‘g‘risida”gi qarorini o‘z vaqtida qabul qilingan va dolzarb, deya baholash uchun to‘la asos bor.

— Sindaoda ilk bor SHHT Kotibiyati va YUNЕSKO o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi (2018 — 2022 yillar) imzolandi. U qaysi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishni belgilab beradi?

— SHHT va YUNЕSKO hamkorligi madaniy-gumanitar aloqalarning rivojlanishi hamda mustahkamlanishi, ilm-fan va ta’lim sohasida o‘zaro birgalikda harakat qilish, SHHT xalqlari madaniy merosining o‘ziga xosliklarini yanada chuqurroq o‘rganish va sayyohlikni faollashtirish orqali bu obyektlarni jahon hamjamiyatiga keng namoyish etishga yordam berishi lozim. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi aytib o‘tganidek, SHHT makoni ming yillar mobaynida butun dunyoning ilmiy, falsafiy, ma’naviy va madaniy taraqqiyoti uchun ilhom bergan.

Shubhasiz, mazkur hujjat SHHTga a’zo davlatlarning jahon sayyohlik bozoriga integratsiyalashuviga va shu yo‘l bilan ularning turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Tashkilot hududida YUNЕSKOning Umumjahon ­merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyekt­larning 15 foizi joylashganini alohida ta’kidlash o‘rinli. Birgina O‘zbekistonda butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb qiluvchi 7 mingga yaqin betakror tarixiy-madaniy obyektlar mavjud. Ma’lumotlarga qaraganda, 2017 yilda SHHT mamlakatlaridan XXRga tashrif buyurganlar soni 8,6 foiz o‘sdi va 2,5 mil­lion nafarni tashkil qildi. O‘z navbatida, 2017 yilda xitoylik turistlar soni 8 foiz o‘sib, 130,5 millionni tashkil qilgani holda, ulardan 1,8 million nafari SHHT mamlakatlariga sayohat qilgan. ­Tashqi turizmga ular sarflagan mablag‘ 250,6 milliard dollarga yetdi. Ekspertlarning fikricha, Xitoy sayyohlari soni 2021 yilga borib 200 million nafardan, ularning sarf-xarajatlari esa 429 milliard dollardan oshib ketadi. Bu raqamlar o‘zaro sayyohlik almashinuvini keskin oshirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud ekanligini ko‘rsatadi. Sammitda ushbu maqsadni ko‘zlab 2019-2020 yillarda SHHTga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligi dasturini amalga oshirish bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasi qabul qilindi. Aminmanki, SHHT va Jahon sayyohlik tashkiloti o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatilishi, shuningdek, ­birgalikdagi harakatlar bilan sivilizatsiyalar ­chorrahasi bo‘lmish Samarqandda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusining ifodasi sifatida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti ochilishi SHHT maydonida sayyohlik indus­triyasining rivojiga katta hissa qo‘shadi.

Mintaqa buyuk ma’naviy-madaniy boylik makonidir. Uni asrab-avaylash, ko‘paytirish bilangina cheklanib qolmay, hozirgi va kelajak avlod manfaatlari yo‘lida samarali foydalanish ham joiz. Shu ma’noda, SHHT doirasida qabul qilingan hujjatlar Yevrosiyoning ushbu keng maydonida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishda ­muhim o‘rin tutadi, Shanxay hamkorlik tashkilotining “yuragi” bo‘lmish Markaziy Osiyo davlatlaridagina emas, balki qo‘shni mintaqalarda ham barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga g‘oyatda katta hissa qo‘shadi.

Global geosiyosiy va iqtisodiy yangilanishlar yuz berayotgan, dunyo rivojlanish salohiyati tobora Sharqqa tomon siljiyotgan bir sharoitda, SHHT bugungi xavf-xatarlarga qarshi kurashishda yuqori darajadagi hamjihatlikni namoyon etgan holda, dunyodagi ijti­moiy-iqtisodiy taraqqiyotning “tortishish kuchi markazi” ko‘chayotganiga timsol bo‘lib qolishi mumkin. Turli mamlakatlar va ta’sirli xalqaro tuzilmalarning keng doirasi tomonidan SHHT bilan hamkorlik qilishga qiziqishning ­ortgani shunga guvohlik beradiki, “Shanxay sakkizligi” nufuzli xalqaro tashkilot sifatida ­jahonda mustahkam o‘rin egalladi. Unga bo‘lgan ehtiyoj bugun juda yuqori.

Feruza KUBARЕVA suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?