Namozgohning nolasini kim tinglaydi?

15:03 14 May 2019 Madaniyat
241 0

Foto: "Xalq so'zi"

Maʼlumotlarga qaraganda, ayni damda Buxoro viloyatida jami 660 ta (majmua va ansambllar tarkibidagi obyektlar bilan birga hisoblaganda jami 777 ta) moddiy madaniy meros obyekti mavjud. Ular davlat muhofazasi ostiga olingan. Tarixiy yodgorliklarni asrash, taʼmirlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Bu oʻrinda Buxoro shahrining tarixiy markazida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni eslashning oʻzi kifoya. Yoki boshqa bir dalil. Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy – ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Buxoro va Navoiy viloyatlari boʻyicha mintaqalararo davlat inspeksiyasida ishlovchilarning bildirishlaricha, hozirgacha 52 ta obyekt investitsiya kiritish sharti bilan tadbirkorlarga tanlov asosida berilgan. Bu esa mazkur tarixiy inshootlarni asrab – avaylash, taʼmirlash, ular umriga umr qoʻshishda qoʻl keladi.

Foto: "Xalq so'zi"

Shu bilan birga turli sabablarga koʻra eʼtibordan chetda qolayotgan, tashqi taʼsir (yomgʻir) oqibatida nurab borayotgan noyob yodgorliklar ham afsuski, oz emas. Ulardan biri Namozgoh masjididir. Bu haqda toʻxtalishdan avval obidaga oid ayrim maʼlumotlarga bir qur nazar tashlash foydali, albatta.

Buyuk ajdodimiz Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, turk xoqoni Arslonxon shaharga yaqin joyda namozgoh qilishga buyruq bergan. Natijada 1129 -1120 yillarda Namozgoh qurib bitkazilgan. Bu yerda Iyd namozi oʻqilgan. Bayram qilingan. Yon – atrofi bogʻ – rogʻ, juda xushmanzara boʻlgan. Binobarin, Namozgoh 900 yillik tarixga ega. Bunaqangi uzoq va boy tarixga ega obidalar dunyoning hamma joyida ham uchrayvermaydi. Lekin Namozgohning bugungi ahvolini koʻrgan kishi yoqa ushlashi tayin. Salobatli imorat qarovsizlik oqibatida nurab bormoqda. Uning minbari, mehrobi, supasi, hovuzi,nuragan devorlarini koʻrgan kishi bu obidaning egasi bormi, degan mulohazaga borishi tayin. Tutdek toʻkilib borayotgan tarixiy obidaga boqarkansiz, mabodo Namozgohning tili boʻlganida ohi – nolasi dunyolarga sigʻmas edi, deb yuborasiz. Peshtoqidagi qadimiy bitiklar koʻchib tushganini aytmaysizmi?!

Namozgoh shu paytga qadar taʼmirlanmagan, degan fikrdan yiroqmiz. Taʼmirlangan. Ammo ishlar qoʻl uchida bajarilgan. Yoʻlaklarning ahvoli buning yaqqol tasdigʻidir. Hali besh – olti yil oʻtar – oʻtmas, yoʻlak toshlari oʻrnidan koʻchib ketgan. Esiz mehnat, esiz mablagʻ. Mabodo, falakning

gardishi bir aylanib, Namozgohdek salobatli inshootni qurgan meʼmor tirilib kelsa, bu yerni taʼmirlagan odamlarga nima degan boʻlar edi?! Bunisini bilmadik. Har holda “Otangizga balli” demagan boʻlardi.

Shularni oʻylarkansan, Buxoroda, ehtimol, barcha viloyatlarda tarixiy yodgorliklarni asrash va taʼmirlashga ixtisoslashgan mutaxassis kadrlar tayyorlovchi maxsus maktablar ochish mavridi kelmadimikan, deb oʻylab qolasan, kishi. Negaki, hozir obidalarni asl holicha taʼmirlay oladigan meʼmoru quruvchilar barmoq bilan sanarli darajada oz. Ularning ham koʻpchiligi keksayib qolishgan...

Shu hududdagi ekin maydonining ahvolini koʻrib, essiz yer, deb yuborasan, kishi. Agar shahar obodonlashtirish tashkiloti oʻz ishchilarini loaqal bir kun jalb etganida ham bu yer bir obod goʻshaga aylanishi tayin edi. Jilla boʻlmasa, Namozgohning old qismidagi bir parcha yerni koʻz koʻrsa quvonadigan gulzor qilish mumkin –ku? Buni alohida taʼkidlashimizning boisi bor. Obidaning yonida viloyat perinital markazi, neft va gaz kolleji binolari qad rostlagan. Yoʻlning narigi tomonida esa koreyalik investorlar tomonidan zamonaviy klinika barpo qilindi. Buxoro tibbiyot kolleji, sport maktabi qoʻl choʻzsa yetgudek masofada joylashgan. Shaharning obod, gavjum joyida ne – ne kechmishlarning tilsiz guvohi boʻlgan Namozgoh shunday zabun ahvolda turishi kerakmi?!

Foto: "Xalq so'zi"

Agar Namozgoh va uning yon – atrofi obodonlashtirilsa, zarur shart – sharoitlar yaratilsa, bu yerdan xorijiy sayyohlarning ham, buxoroliklarning ham qadami uzilmaydi. Obidaning umriga umr qoʻshiladi. Namozgohda har kuni bayram boʻladi. Hozircha esa... bu shirin bir orzu, xolos.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?