Hindistonlik yoshlar tibbiyot ilmini Xorazmda oʻrganadi

Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar bilan aloqalar rivoj topib bormoqda. Taʼlim va amaliyot jarayonining yuksak darajada tashkil etilganligi tufayli xorijda ham ushbu ilm maskanida tahsil olishni xohlovchi yoshlar soni ortib bormoqda.Oʻtgan yil filialga Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston va Tojikistondan 215 nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi. Joriy yilda Pokistonning “ASL PHARMA” firmasidan doktor Alimgir Xon boshchiligida delegatsiyasi filialdagi shart-sharoitlar, taʼlim sifati bilan tanishib, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Nepal, Kashmir, Nigeriya, Zambiya Janubiy Afrika va Gana davlatlaridan tibbiyot sohasida oʻqishga istak bildirgan 200 dan ortiq abituriyentlarni Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialiga jalb qilish tashabbusi bilan chiqqan edi.Ushbu kelishuv asosida bir guruh hindistonlik yoshlar Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida davolash ishi yoʻnalishi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini boshlab yubordilar.Hindistonlik talabalar taʼlim jarayonlari, yaratilgan sharoitlar xususida oʻz fikrlarini bildirdilar.
Pragya Shreye ( Hindiston):
–Avvalo, tibbiyot ilmining otasi Abu ali ibn Sino vatanida taʼlim olish sharafiga musharraf boʻlganimdan juda xursandman.Kelajakda yaxshi shifokor boʻlib yetishish uchun bu yerda yetarlicha bilim olish va amaliyot jarayonlarida tajriba toʻplash imkoniyati mavjud. Auditoriyalar va talabalar turar joyi puxta bilim olish uchun qulay va zamonaviy tarzda jihozlangan. Bepul internet tarmogʻi yaqinlarimiz, ota-onalarimiz bilan muntazam aloqada boʻlishimizni taʼminlaydi. Bu yerda kursdoshlarmiz bilan qisqa muddatda doʻstlashib ketdik.Ularning mehmondoʻstligi, mahalliy sharoitga koʻnikish va mashgʻulotlarni oʻzlashtirishda bizga beminnat yordam berayotganliklarni alohida taʼkidlamoqchiman.Filialda talabalar soni koʻp boʻlishiga qaramasdan hamma narsa batartib, bu qatʼiy tartib-intizom oʻrnatilgani samarasi. Dars jarayonlari haqida gapiradigan boʻlsam, barcha professor-oʻqituvchilar kuchli bilim va tajriba ega mutaxassislar ekaniga guvoh boʻldim. Ularning bari bizga mamnuniyat bilan yordam berishga oshiqadi. Biz albatta, oʻqishni ajoyib natijalar yakunlab, yetuk shifokor boʻlish orqali ularning mashaqqatli mehnatingizni oqlaymiz.
Saurav Kumar (Hindiston):
–Toshkent tibbiyot akademisi Urganch filialini koʻplab imkoniyatlarga ega boʻlgan nufuzli taʼlim dargohlaridan biri deb ayta olaman. Buni faqat shu yerda tahsil olibgina his etish mumkin. Bu dargohda oʻqishni tanlaganimning foydali tarafi shundaki, bu AQSH tibbiy litsenziyalash imtihonida qatnashib (USMLE),tegishli huquqni qoʻlga kiritish uchun imkon beradi. Filialda qiziqarli tarzda olib borilayotgan dars jarayonlari, professor - oʻqituvchilarning turli hil interfaol taʼlim uslublaridan foydalanishlari talabalardagi dars qoldirish istagini mutlaqo yoʻqqa chiqaradi. Bundan tashqari bu yerda turli millatga mansub talabalar bilan oʻqish juda maroqli. Ularning tili, dini, millati oʻzga boʻlsa-da, maqsadimiz bir, yaʼni kelgusida oʻz sohamizning yetuk mutaxassisi boʻlish, bemorlar dardiga shifo topish.
Xorijiy davlatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar safi kengayishi oʻz navbatida mahalliy yoshlarning til oʻrganishlari, dunyo tibbiyoti yutuqlari bilan yaqindan tanishuviga sharoit yaratmoqda. Kelgusida filialga yana bir qator chet davlatlaridan talabalar qabul qilish rejalashtirilgan.
Odilbek Odamboyev,
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi muvaffaqiyatli yakunlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring