Hindiston kompaniyasi Oʻzbekiston aviatsiya bozoriga kirmoqchi

17:44 04 Oktyabr 2019 Jamiyat
93 0

Yaqinda Transport vazirligida Hindistonning “Delhi International Airport Limited” kompaniyasining moliyaviy direktori Sanjiv Edvard boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Navoiy aeroporti bazasida tashkil etilgan xalqaro intermodal logistika markazining samaradorligini oshirish masalasi muhokama etildi. Muhokamalar davomida Sanjiv Edvard Hindiston tomoni yuk va yoʻlovchi tashish jarayonida mamlakatimizning tranzit salohiyatidan keng foydalanish orqali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini maʼlum qildi. U, shuningdek, “DIAL” kompaniyasi Navoiy va Dehli aeroportlarini yuk tashuvlari yoʻnalishida bir-biriga bogʻlovchi tizimni yaratish masalasini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Men, Navoiy aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasining eng yirik quruqlik portiga aylana olishiga ishonaman. Chunki buning uchun barcha asoslar mavjud”,- dedi Sanjiv Edvard.

Hindiston kompaniyasi, shuningdek, aviatashuvlar bilan bogʻliq hujjatlar va jarayonlarning IT yechimlarini amaliyotga joriy etish yoʻnalishida ham hamkorlik qilishga tayyorligini maʼlum qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar aviatsiya sohasida yuk va yoʻlovchi tashish yoʻnalishida alohida ishchi guruhlarini shakllantirib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?