“Har bir oila — tadbirkor” dasturi: Andijonda chorva mollari uchun kredit berish nega to‘xtatildi?


Prezidentimizning “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, hayotga tatbiq etilganiga ham bir muddat vaqt o‘tdi.
Hududiy dasturda ko‘zda tutilgan vazifalarni moliyaviy ta’minlash maqsadlariga jalb qilinadigan xorijiy moliya institutlari kredit liniyalaridan 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi belgilangan edi. Ushbu mablag‘lardan maqsadli foydalanilmoqdami?
Umuman, bugungi kunda mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi-yu, aholiga oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar ajratilishida shaffoflik ta’minlanyapti?
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki departament direktori Aktam Sayfullayev quyidagicha izoh berdi:
“Bu borada Andijon viloyatida bir qator ishlar tashkil etildi. Tan olib aytish kerak, kreditlar aholiga, jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining 150 baravarigacha bo‘lgan miqdorda yillik 7 foiz stavkada 3 yilga berilishi belgilangan. Tadbirkorlarga ham 1000 baravargacha bo‘lgan miqdorida kreditlar berilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalo, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Shu jarayonda ma’lum bo‘ldiki, aholining tadbirkorlikni faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziqishi katta, ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Shu borada shunday tendensiyalar kelib chiqdiki, aholi ko‘proq kredit puliga chorva boqish istagini bildirmoqda. Bankka murojaat qildimi, ularni qaytarishga haqqimiz yo‘q, qaytarsak ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin aholi talabi asosida mahalliy sharoitimizga moslashgan naslli chorva molini o‘zi yetkazib beradigan katta-katta chorva firmalari yo‘qligi ko‘rinib qoldi. Bor edi-yu, ammo 5-6 ta, xolos. Ulardagi chorvalar olib qo‘yilganidan so‘ng, o‘z-o‘zidan bozor narxining oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Vaholanki, viloyat ishchi guruhi bor bu masalalarni muvofiqlashtiradigan. Go‘sht narxini 24000-25000 qilib belgilab qo‘yilgan ham edi.
Lekin, talab oshgani uchun uning narxi oshib ketishiga olib kelgan. Zudlik bilan ishchi guruh buni o‘rganib chiqdi. Hozirgi kunda chorva mollariga kreditlarni ajratish vaqtincha to‘xtatilgan Andijonda. Nega?
Sababi oldin aholiga yetkazib beradigan darajadagi chorva mollarini tashkil qilib berishimiz kerak, chetdan naslli mollarni olib kelish bo‘yicha ish olib borilyapti. Xalq banki tomonidan kreditlar ajratilgan naslli mollarni olib kelish bo‘yicha. Mana shu tizim to‘liq ishga tushganidan so‘ng, chorva mollariga kreditlar ajratish davom ettiriladi.
Boshqa yo‘nalishlarga kreditlar berilmoqda, to‘xtab qolgani yo‘q. Kreditni qaytarish shartmas, degan tushunchalar ham tarqalgan edi. Bunday emas, faqat kreditlar imtiyozli tarzda beriladi. Bu bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda” — deydi u.
Shuningdek, anjumanda keyingi haftadan barcha viloyatda “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish bo‘yicha kredit mablag‘lari ajratilishi boshlanishi haqida ma’lum qilindi.
Ma’lumot o‘rnida: ayni paytda 7200 dan ziyod aholiga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun turli yo‘nalishlarda 150 mlrd.ga yaqin kredit ajratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring