Bola sotmoqchi boʻlgan “oshiq-maʼshuq”lar ustidan hukm oʻqildi

14:32 13 Sentyabr 2018 Jamiyat
1089 0
Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi online”. Temur Eshboyev/Navoiy. Asli Samarqand viloyatining Narpay tumanilik R. F. ismli ayol oilasi buzilgach, ikki nafar bolasi bilan Uchquduq shahriga keladi.

Shaharda ijaraga uy olib, bozorda savdo-sotiq bilan shugʻullana boshlaydi. Koʻp oʻtmay kichik oʻgʻlini begona bir ayolga vasiylikka berib, oilali, ikki nafar farzandning otasi boʻlgan I. A. bilan tanishadi. Kafe-barlarda sangʻib yurishlar, oxir-oqibat sharʼiy nikoh va homiladorlik bilan yakun topadi.

4 aprel kuni koʻzi yorigan ona farzandidan “qutilish” va daromad olish ilinjiga tushadi. Tanishlariga oʻz qarorini maʼlum qilib, ular orqali xaridor axtaradi.

Yaqin odamlari “xaridor” deb tanishtirgan ayol bilan 10 000 000 (oʻn million) soʻmga “baholangan” bola uchun hozircha 2 500 000 soʻm olishni, qolgan mablagʻ hujjatlar toʻliq rasmiylashtirilganidan soʻng berilishiga kelishiladi. Hammasi xamirdan qil sugʻurgandek ketayotgan edi, goʻyo. Biroq tuman ichki ishlar xodimlarining tezkor harakatlari tufayli jinoyatga chek qoʻyildi.

“Hayvonot dunyosida biror jonzot bolasini tashlamaydi. Bitta emas, beshta bolalagan it ham birorta kuchugini birov olib ketsa, uvullab yigʻlaganini koʻrganmiz. Ammo, dunyoda aqli bilan hayvondan farq qiluvchi odamzod avlodi keyingi paytda hayvon qilmaydigan ishlarni qilayotganidan, yoqa ushlaysan kishi. Axir, oʻz farzandini tugʻiboq boʻgʻib, axlat qutisiga tashlab ketayotganlar, sellofanga oʻrab, tiriklayin koʻmib qoʻyganlar, hojatxonaga tashlab yuborayotganlar ham inson zotidan. Shunday holatlarni eshitganda kishi darrov oʻyga toladi: nahotki inson shunchalar tubanlikka borishi mumkin?”, - deydi jinoyat ishlari boʻyicha Uchquduq tuman sudi Jahongir Karimov.

Bu kabi voqea-hodisalarning hayotimizda tobora koʻpayib borayotganining asl sababini qidiradigan boʻlsak, yana gap oʻsha tarbiyaga borib taqalaveradi. Qiz oʻstirayotgan onalar farzand koʻrish ayol uchun eng oliy baxt ekanini ularning qulogʻiga quymayapti? Otalar-chi, oʻgʻliga ayol uning naslining davomchisini dunyoga keltirishini, shuning uchun uni hamisha asrab-avaylash zarurligini uqtira olmayapti?

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchquduq tuman sudida R. F. va uning jinoiy sherigi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasining 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Jinoyat kodeksining 57-moddasi qoʻllanilgan holda R. F.ning “maʼshugʻ”i I. A. 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, “ona” nomiga dogʻ tushirgan ayolga 5 yil muddatga qamoq jazosi tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?