Bizni qiynayotgan “muammolar”

13:56 28 Oktyabr 2019 Jamiyat
1465 0

Luqma

Bugun ham erta tongda beshga yaqin uygʻonib, soqolimni naridan-beri qirtishladim, soʻng shoshib kiyindim-da, koʻchaga chopdim: ikki joyga oshga borishim kerak. Uyim oldida mashinasi bilan doʻstim kutib turgandi.

Ikkovlon birinchi toʻyxonaga shoshildik. Mashina radiosining qulogʻi buralgan, undan bir yigitning sharros ovozi kelardi. Yigit dunyoda zamonaviy texnologiyalar koʻz ilgʻamas darajada tez rivojlanib borayotgani haqida bir nimalarni gapirayotgan edi. Radioning murvatini balandroq qilib buradim.

Yaponiya olimlari dunyodagi eng mitti uyali telefonni yaratishibdi, kattaligi paltoning tugmasicha ekan. Yana-tagʻin yaponlar odamga oʻxshab his-tuygʻusi bor ajabtovur robotni sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazishibdi.

Germaniya va Amerika avtomobilsoz olimlari takomillashgan, tezligi soatiga 100 kilometr boʻlgan elektromobilni yaratishga muvaffaq boʻlishibdi. Oldingilarining tezligi 60 km/soatdan oshmagan ekan.

Shvetsariyada jahon olimlari yigʻilib, dunyoning qanday yaralganini, Buyuk portlashni isbotlash uchun kattta kollayderni ishga tushirish boʻyicha maslahat qilishayotganmish.

Angliya olimlari koinotda qandaydir nomaʼlum obyektni aniqlashibdi, shuni oʻrganishayotganmish.

Hindiston esa zamonaviy kompyuterlarni ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinlarga chiqib olib, endi ular ham ongli robot yasashga tushib ketishibdi. Inson yuragini almashtirish boʻyicha yuqori natijalardan biri ham Hindistonda ekan.

Tinib-tinchimas dunyo olimlari endi koinotdagi ayrim sayyoralar, masalan, Mars, Yupiter va Oyda mavjud boʻlgan tabiiy boyliklarni Yerga tashib kelish chorasini izlashayotganmish...

Doʻstim kutilmaganda radio qulogʻini burab, pasaytirdi.

– Toʻyonaga pul topdingmi, – deb soʻradi mendan.

– Topdim, – dedim.

– Qanchadan?

– Elliktadan.

– Ellikdan kam emasmi? Men yuzdan ajratyapman. Ular qizingni toʻyiga yuztadan qilishuvdi, chogʻi.

– Toʻgʻri... Rosa izladim, topolmadim, qarz soʻramagan tanishim qolmadi.

– Ha, toʻyona deganiyam gʻirt boshogʻriq. Ammo qancha ogʻir boʻlsayam, olganni qaytarish kerak. Toʻy mavsumiyam boshlanib ketdi. Toʻxtasin ham qizini chiqaryapti, kelgusi shanba ertalab osh.

– Uf-f-f... Mayli, kelasi shanbagacha bir chorasi topilar. Tezroq hayda, ikkala oshgayam ulgurish kerak. Birinchisiga 6 da borib, 40 minutlarda qutulib olsak, yettigacha ikkinchisiga ulgurarmiz. Yaxshiyam, ertalab mashinalar tiqilinch emas, boʻlmasa, ikkita oshga ulgurishning oʻzi boʻlmaydi.

Xuddi gapimiz tugagandek, ikkalamiz ham jim qoldik. Bu paytda qiziqarli axborot tugab, mumtoz qoʻshiqlar dasturi boshlangan edi. Radio qulogʻini burab, oʻrindiq suyanchigʻiga oʻzimni tashladim-da, bir xoʻrsinib koʻzimni yumdim. Toʻyxonagacha mazza qilib, “jonon-boʻlaman deb”ni eshitib ketdik.

Ajoyib qoʻshiq, dilni yayratadi. Shunday buyuk sanʼat asarlarini yaratgan ota-bobolarimizga tasanno aytmay ilojing yoʻq. Eshiting: “Jonon boʻlaman de-ye-yeb, hammani kuydirasan-mu, kuygan bu faqi-i-ir-r-larni yana yondirasan-mu!?”.

Boʻron

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?