Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xususiy agentliklarga litsenziya berdimi, demak ularning qonuniy faoliyat yuritishini ham nazorat qilishi kerak — Tanzila Narbayeva

16:04 07 Avgust 2020 Siyosat
1570 0

Foto: senat.uz

Senatning oltinchi yalpi majlisida “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva keyingi paytlarda xususiy bandlik agentliklari faoliyati bilan bogʻliq tez-tez uchrab turayotgan salbiy holatlar haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

"Xususiy bandlik agentliklari faoliyati bilan bogʻliq tez-tez uchrab turayotgan salbiy holatlardan xabardor boʻlib turibmiz. Ayniqsa, oʻtgan yili koʻpchilikning noroziligi davlat rahbari, hukumat va parlament aʼzolarining aralashuvigacha yetib borib, hal etildi. Odamlarning aldov oqibatida koʻrgan moddiy zararlari davlatning milliardlab mablagʻlari hisobidan qoplab berildi. Kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali yana bir xususiy bandlik agentligi – «Interneyshnl Job Organizeyshn»ga jinoiy ish qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisida xabar berildi. Bu yerda bir jihatni toʻgʻri anglab olish kerak. Xususiy bandlik agentligi — bu tadbirkor. Yaʼni birinchi oʻrinda oʻz foydasini koʻzlaydi.
Lekin davlatning aholi bandligini taʼminlash borasidagi umumiy siyosati bor. Bu siyosatni amalga oshirish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining zimmasida. Vazirlik xususiy agentliklarga litsenziya berdimi, demak ularning qonuniy faoliyat yuritishini ham nazorat qilishi kerak. “U tadbirkor, aralashmaymiz”, deb chetda turish mutlaqo notoʻgʻri. Xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik qilib turish – ham ularga, ham vazirlikka foydadan xoli boʻlmaydi", — deydi Senat Raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?