Joʻshda joʻshqin hayot nafasi
Samarqand viloyati markazidan qariyb 150, Qoʻshrabot tumani markazidan esa 45 kilometr uzoqlikda joylashgan Joʻsh qadim tarixga ega boʻlgan yirik aholi maskanlaridan biri hisoblanadi. Koʻplab olimu fuzalolar, ijodkorlar, maʼrifatparvarlarga beshik boʻlgan mazkur qishloq ahli oʻzining bagʻrikengligi, mard va tantiligi bilan nom qozongan. Bu yerda ayni paytda 26 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Har qaysi hududda boʻlgani kabi joʻshliklar ham davr talabi bilan hamohang holda zamon taraqqiyotining yutuq va qulayliklaridan bahramand boʻlib, baxtli, farovon yashashni istaydi. Ammo, uzoq yillar davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, eng muhimi, odamlarga chin maʼnoda, baxtli, farovon yashashi uchun qulayliklarni yaratishga yetarli eʼtibor qaratilmagani oqibatida qishloq aholisining aksariyati murakkab sharoitlarda qiynalib yashashga majbur boʻlib kelayotgan edi. Qoʻshrabot tumanidagi kengliklar, qir va adirlar bagʻrida joylashgan Joʻsh ham bugun tom maʼnoda obod maskanga aylandi.
“Odamlarimiz yurtimizda roʻy berayotgan tub oʻzgarishlarni, olib borilayotgan islohotlar natijalarini ertaga yoki uzoq kelajakda emas, balki bugun oʻz hayotida his etishi kerak”. Prezidentimizning millionlab vatandoshlarimizga umid va ishonch bergan ushbu soʻzlari, mamlakatimizning turli hududlarida olib borilayotgan amaliy ishlarga, kishilarning baxtiyorligiga sabab boʻlayotgani haqiqat. Hududda davlatimiz rahbari asos solgan “Obod qishloq” dasturi asosida ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Kuni kecha Joʻsh qishlogʻida Dasturi doirasida bunyod etilgan oʻnlab inshootlar foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda davlat va jamoat arboblari, respublikamizning turli hududlaridan kelgan baxshilar, taniqli sanʼatkorlar, viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Bahorning birinchi kunida Joʻshda oʻtkazilgan tadbirlar Ergash Jumanbulbul oʻgʻli maqbarasini ziyorat qilish bilan boshlandi. Dastur asosida obod etilgan bogʻ markazidagi baxshi haykali poyiga gullar qoʻyildi.
Taʼkidlash lozimki, ayni paytda baxshi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli tugʻilib oʻsgan Qoʻrgʻon qishlogʻi markazi zamonaviy shaharchaga aylantirilgan. Baxshi-shoirning bir paytlar pastqam, devori paxsadan boʻlgan uy-muzeyi va koʻrimsiz bogʻ oʻrnida bugun goʻzal manzara kasb etgan muqaddas ziyoratgoh paydo boʻlgan. Majmuada Ergash Jumanbulbul oʻgʻli maqbarasi, haykali va memorial muzeyi oʻrin olgan.
- Ergash bobomning eski uy muzeyi otam Oydin Sindarov tashabbusi bilan tashkil etilgan edi, — deydi yuridik fanlari doktori Komil Sindorov. — U qishloqma-qishloq yurib ikki yil davomida 3 mingdan ziyod eksponatlar yiqqan edi. Baxshi bobomga tegishli boʻlgan doʻmbiralar, kiyimlar, roʻzgʻor buyumlari va boshqa qadimiy noyob eksponatlar 40 yilda ziyodroq vaqt davomida oʻsha eski uy muzeyida saqlandi. Bugun esa ular zamonaviy muzeydan joy olib turgani biz — Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining nevara-chevaralari qalbiga oʻzgacha gʻurur bagʻishlab turibdi.
Baxshi bogʻi atrofida viloyat va tuman mahalliy byudjeti mablagʻlari hamda boshqa manbalar hisobidan bunyod etilgan ehtiyojmand, turarjoyga muhtoj oilalar uchun 70 dan ortiq yangi uy-joylar, shinam inshootlar Qoʻrgʻon koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi. Bir yil avval kechalari zimiston boʻlgan koʻchalar charogʻon boʻlishi uchun zamonaviy chiroqlar oʻrnatilgan.
Ming yillik tarixga ega boʻlgan Joʻsh ota mahallasi markazida ham oʻnga yaqin obyektlar foydalanishga topshirildi.
Mahalla fuqarolar yigʻini, tuman ichki ishlar boʻlimiga qarashli 14-sonli ichki ishlar boʻlinmasi, 20-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda tuman tibbiyot birlashmasi Joʻsh filialining yangi zamonaviy binolari xalqqa xizmat koʻrsatishni boshladi.
- Yetarli sharoitlarga ega boʻlmagan, bir qavatli, koʻrimsiz shifo maskanimiz oʻrnida yangi ikki qavatli bino qurildi, — deydi tuman tibbiyot birlashmasining Joʻsh filiali katta hamshirasi Klara Bobonazarova. — 25 oʻrinli shifoxonada 4 ta boʻlim ishlab turibdi. Joʻsh ota va Yuqori Joʻsh mahallalarining 7000 nafarga yaqin aholisiga xizmat koʻrsatamiz.
Hududdagi uzoq yillar eʼtiborsiz qolgan, XI asrga tegishli Joʻsh ota masjidi ham “Obod qishloq” dasturi doirasida toʻliq taʼmirlanib, qoʻshimcha binolar qurilib, zamonaviy muqaddas majmuaga aylantirildi.
Masjidning yonginasidagi qadimiy dehqon bozori ham kapital rekonstruksiya qilindi. 1200 savdo rastasiga ega ushbu majmuada olis qishloq aholisiga zamonaviy savdo xizmatlari koʻrsatish uchun shart-sharoit yaratildi. Sharq shirinliklari, barcha joyda xaridorgir Qoʻshrabot mayizi, non va non mahsulotlari, milliy hunarmandlik buyumlari sotish uchun alohida savdo pavilonlari bunyod etildi. Bozor atrofida esa tadbirkorlarga yuzga yaqin savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari ajratildi, ular bir xil loyiha asosida qurilgan.
Tadbirlar zamonaviy qiyofa kasb etgan Chimmos mahallasidagi yangi inshootlarni foydalanishga topshirish bilan davom etdi. Zarur tibbiy uskunalar bilan taʼminlangan “Chimmos” qishloq vrachlik punkti shu hududdagi besh ming nafar aholiga xizmat qila boshladi. Shu paytgacha bu tibbiyot muassasasi “Qoʻshtamgʻali” qishloq vrachlik punkti filiali sifatida ogʻir sharoitlarda faoliyat koʻrsatib kelar edi. Endi alohida, barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan binoda aholiga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda tez tibbiy yordam shoxobchasi ham tashkil etilgan.
Investitsiya dasturi asosida 340 oʻringa moʻljallangan 41-umumiy oʻrta taʼlim maktabi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy koʻrinishga keltirilganidan chimmosliklar chin dildan xursand. Maktabning eski binosi 2013-yilda qurilib, 160 oʻrinli boʻlgan. Oʻquvchilar koʻpligi hisobga olinib, oʻtgan yili 180 oʻrinli qoʻshimcha bino qurildi. Hozirgi kunda maktabda 312 nafar oʻquvchi taʼlim olyapti. Eski binoni taʼmirlash va qoʻshimcha binoni qurish ishlariga 6 milliard 300 million soʻm mablagʻ sarflangan.
Tadbirlarda ishtirok etgan senatorlar va professorlar tomonidan shu maktabda oʻquvchilar uchun Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan mahorat darslari tashkil etildi.
Shu hududda joʻshlik xotin-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan, zamonaviy tikuvchilik dastgohlari bilan taʼminlangan “Samarqand baraka chevarlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham oʻz faoliyatini boshladi. Bu yerda 100 nafarga yaqin ishchi xodim faoliyat yuritayotgan korxonada maxsus ish kiyimlari tayyorlanmoqda.
Qisqasi, Joʻshda oʻtgan bir yil davomida 9 ta mahalla tasarrufidagi 48 ta qishloqda qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilib, mavjud turar va noturarjoy binolari tartibga keltirildi, kommunikatsiya tarmoqlari, maishiy xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha obyektlari taʼmirlandi, yoʻllar kengaytirildi. Hududdagi 19 ta maktab toʻliq taʼmirlanib, 11 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etildi. 9 ta yangi mahalla markazlari qurildi. Fuqarolarni ommaviy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha xayrli tadbirlar tashkil etildi.
Oʻnlab inshootning tantanali ochilish marosimlaridan soʻng joʻshliklar uchun hudud markazidagi istirohat bogʻida joylangan amfiteatrda madaniy tadbir namoyish etildi. Unda poytaxt va viloyatdan kelgan taniqli xonandalar, qiziqchilar, aktyorlar oʻz chiqishlari bilan ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
- Foydalanishga topshirilgan deyarli barcha inshootlarni koʻzdan kechirdim, — deydi shoira Jumagul Suvonova. — Joʻshliklarning shodligiga sherik boʻlib ilhomlandik. Chekka qishloqlarda shahar sharoiti yaratilganidan quvondik. Joʻshliklarning endi yana-da joʻshib yashashi tabiiy!
Ha, 2020-yil bahorining ilk kuni joʻshliklar uchun mana shunday unutilmas boʻldi. Joʻshda amalga oshirilgan bu kabi ulkan bunyodkorlik, yaratuvchilik ishlari aholining turmush madaniyatini yuksaltirib, odamlarni hayotdan rozi boʻlib yashashiga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashiga xizmat qiadi, albatta.
Abdulaziz Yoʻldoshev(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring