Zaxarovaning “qulogʻi“ qayerda?!

10:47 17 May 2020 Jamiyat
1673 0

Zaxarovaning “qulogʻi“ qayerda?!

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning Oʻzbekistonda davlat tilida ish yuritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi yuzasidan aytgan gaplarini uzoqqa moʻljallangan strategiyaning bayoni deyish mumkin. Oʻzbek soʻnggi 150-yilda atigi bir marta davlat tilida ish yuritishni niyat qilgan ekan, nega buncha tuhmat-malomat?!

Axir, oʻttiz yil davomida mariyalarning manfaatini oʻylab tishi qoqib olingan qonun bilan yashab keldik-ku! Oʻzimizning emas, ularning raʼyiga, koʻngliga qarab ish tutdik-ku! Andishaning oti qoʻrqoq degani shu ekan-da?!

Koʻpchilikning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan bayonot, aslida, Rossiya imperator Nikolay ikkinchining mardikorlikka olish haqidagi farmonini amalda bekor qilmagani, istiqbolda ham til-zaboni yoʻq, haq-huquqini talab etmaydigan mardikor istayotganini koʻrsatdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bilib-bilmay “Oʻzbekiston bizning mulkimiz” degan nuqtayi nazarini oshkor etdi.

Ular oʻzbekning bugun ham, ertaga ham egnini qisib, “Maylimi, ona tilimda gapirsam” deyishini xohlaydi. Bunday shovinist mustabidni dunyo kam koʻrgan. Nega endi mustaqil bir davlatning milliy tiliga, maʼnaviy sarhadlariga boshqa bir davlat mahkamalari hakamlik qilishi kerak?!

Qani davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat?! Oʻzbekistonga poʻpisa qilayotgan mahkama Olmoniya, Farangiston, Yaponiya, Turkiyaga shunday munosabat qilib koʻrsin-chi!

Zaxarovani olqishlayotganlar oʻzimizning “oʻzbeklar”. Antennasi Kremlga qaragan millatdoshlarimiz. Bu badbinlar xalqning beminnat nonini yeb, rahmatni oʻzgalarga aytishni madaniyat deb bilgan bir toʻda. Bu manfur guruhning milliy maʼnaviyatimizga yetkazgan ziyonini hech nima bilan oʻlchab boʻlmaydi.

Ularning urugʻi 1865-yilning saratonida Toshkentni qamal qilib, suvsiz qolgan elni taslim boʻlishga majburladi, Qoʻqonning bor boyligini aravalarga ortib, chor maʼmurlaridan panoh soʻradi, “Bosmachi” degan soʻzni oʻylab topib, bosqinchilarga qarshi kurashgan vatanparvarlarni ayamasdan qirdi. Keyin millat gullari – ziyolilarni otdi!

Bu qirgʻinlardan ellik yil oʻtib-oʻtmay “Paxta ishi”, “Oʻzbeklar ishi” degan tuhmatlarni oʻylab topib, butun bir xalqni dunyoga oʻgʻri, muttaham deb tanitishga urindi. Kech boʻlsa ham uygʻongan, tilimiz davlat tili boʻlsin deb kurashga chiqqan ziyolilarga pand berganlar ham tagʻin oʻsha sotqin-chulchitlar edi. Bu oʻrisparastlar oʻzbekni ich-ichidan yomon koʻradigan, oʻzbekcha soʻzlashga tob-toqati yoʻq markazqoʻm kotibi, ministr, akademik, professor, adib boʻlib ish koʻrdi.

Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingandan keyin bu munofiqlarning koʻpchiligi homiydan panoh soʻrab, shimolga qarab sirgʻaldi. Qolganlari esa, oʻzbek xalqiga qarshi kurashni muvaffaqiyatli davom ettirdi. Kechagiday yodimda: “Pravda Vostoka” gazetasi bundan oʻttiz yil muqaddam “Toponomik “vasvasa” nomli maqola chop etib, Toshkentdagi “Moskva” mehmonxonasining nomini “Chorsu”ga aylantirilganini notoʻgʻri ish deya jar solgan edi. Bunday bepisandlik to shu kungacha turli shakllarda namoyon boʻlib kelmoqda.

Zaxarovalar xalqning maʼnaviy tirgagi – tilning qudratga kelishidan oʻlguday qoʻrqadi. Nima qilib boʻlsa ham bu kuchni parchalashga intilmoqda. Ularning qoʻliniyu tilini uzun qilayotgan “quloq”lardan qutulmas ekanmiz, OʻZBEK tilining DAVLAT boʻlishi qiyin.

Olim TOSHBOYEV,

filologiya fanlari nomzodi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?