Yulduzlik kasaliga chalingan yoshlar

16:21 12 Noyabr 2024 Jamiyat
381 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yoshlarga beriladigan davlat imtiyozlari ayrim ota-onalar va oʻgʻil-qizlarimizning halovatini oʻgʻirlagani bor gap. Aksariyatida maqsad bitta: Tezroq kitob chiqarib, mashhurlikka erishish yoki imtiyozdan foydalanib oliy taʼlimga imtihonsiz oʻqishga kirib olishdir. Shu maqsadda farzandini yetaklab, taniqli ijodkorlar ortidan ergashib yuradigan, sheʼr chiqarish ilinjida tahririyatlar jamoasini bezovta qiladiganlar koʻp.

— Bolam bir oʻtirishda ancha-muncha sheʼrlar yozib tashlaydi, — deydi sheʼriyatning qonun-qoidalaridan mutlaqo xabarsiz onalardan biri. — Bir qoʻllab yuborsangiz, zora tanilib ketsa...

Sheʼr koʻtarib kelgan yoshlarni savolga tutsangiz, faqat maktab darsligida oʻqigan shoir, yozuvchilarni aytadi. Ixtiyoriy oʻqigan kitoblarini soʻrasangiz, “Toʻytepa”dan nariga oʻtmagan qoʻshiqchi “shair”larni tilga oladi. Aslida isteʼdodni Xudo yuqtirmasa, ming chirangan bilan shoir boʻlish qiyin. Nega yuzlab kitob oʻqigan yoki tarjima qilgan olimlar, tarjimonlar toʻrt qator sheʼr yozolmaydi. Chunki ijod – koʻngil ishi. Toʻgʻri, ustoz-shogirdlik orqali havaskor qalamkashlarning qalbidagi choʻgʻni alangalatib yuborish mumkin. Ammo chala-yarim yozilgan narsalarni tezda kitob qilib, imtiyozdan foydalanish ijodkorlikka xosmas.

Sir emas, hozir ayrim ota-onalar mashhur ijodkorlarga dasturxon yozib, sovgʻa-salom berib boʻlsa ham farzandining birinchi kitobiga “Oq yoʻl” yozdirib olmoqda. Ayrim “usta” shoirlar ham kelishilgan narxda ustomonlarga shigʻir yozib berib, ulardan “yulduz” yasashga urinmoqda. Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimov ogʻirning ostidan, yengilning ustidan oʻtish orqali maqsadiga erishadigan ana shunday ucharlarni jamiyatning shilliqurti, deb atagandi.

Bundan besh-olti yil oldin Fargʻonada tadbirkor bobo nabirasining kitobini chiqartirib berdi. Nabiraning mualliflik kitobidagi sheʼrlar asosan mashhur bolalar shoirining ijodiga mansub boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirilgani oshkor boʻldi. Yaxshiyam, bolalar shoiri bagʻrikenglik qildi. Aks holda bobosi ham, yosh shoira ham elga sharmanda boʻlardi.

— Ilgari shoirlarning kitobi chiqca, katta voqea boʻlgan. Kitobxonlar qoʻlma-qoʻl oʻqigan. Kitob doʻkonlarida navbatda turgan, — deydi “Fargʻona” nashriyoti muharriri Hayotjon Boyboboyev. — Hozir shoir koʻpu sheʼr yoʻq. Nashriyotimizga kelgan qoʻlyozmalarni oʻqib, hayratda qolaman. Sheʼriyat talablariga javob bermaydi. Unga “oq yoʻl” bergan kazo-kazo ijodkorlar toʻplamni hatto varaqlab ham koʻrmagan. Toʻgʻri, xususiy nashriyotdan koʻpi yoʻq. Baʼzan umuman qayta ishlashning imkoni boʻlmagan “eʼjod” namunalarini qaytarib beramiz. Qanchadir vaqt oʻtgach, boshqa nashriyotdan chiqarib kitobini koʻtarib keladi. Xoʻp, shu kitob chiqdi ham deylik, keyin nima boʻladi? Adabiyot maydoniga tanish-bilish bilan kirgan yoshlarning butun umri alamzadalik bilan oʻtmasligiga kim kafolat beradi?

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda har kuni yuzlab sheʼrlar qoʻyiladi. Ilgari shoirni adabiyotshunoslar yoki tanqidchilar xalqqa tanitgan. Hozir yosh ijodkorlar oʻzini-oʻzi reklama qilib, mashhurlikka erishish uchun hech narsadan tap tortmayapti. Shoir bilan oʻquvchi bir darajaga tushib qoldi. Sheʼr degani shu boʻlsa, men ham yozolaman, deb oʻquvchining oʻzi ham yozishga tushdi. Kitobxonlar yaxshi, yomon sheʼrlarning farqiga bormay qoʻydi.

Yaqinda ijodiy faoliyatimizda sodir boʻlib bir voqeaga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Bir ota-ona uylanadigan yoshdagi oʻgʻlining yomon yoʻlga kirib ketayotganidan nolidi. Maʼlum boʻlishicha, yigit tungi klublarning doimiy mijoziga aylangan. Maqsad uning nomidan sheʼr yoki hikoyalar toʻplami chiqarib, yosh ijodkor sifatida joylarda uchrashuvlar oʻtkazish, yomon yoʻldan qaytarish ekan. Biz kitob chiqarish emas, yuksak badiiy asarlarni koʻproq oʻqisa, farzandi oʻzini anglashini aytdik.

Yana tahririyatimizga kitobini maqtab bitta maqola yozib berishimizni iltimos qilib kelishadi. Buyam “yulduzlik kasali”ning koʻzga koʻrinmas, ammo maʼnaviyatimiz uchun eng xavfli boʻlgan bir koʻrinishidir. Shoir boʻlish osonmas. Iqtidor, ilhom, bilim, tinimsiz mehnat kerak. Chinakam shoirlar bir soʻz ustida tundan-tonggacha qancha kunlarni bedor oʻtkazadi. Bunga ham ruhan, ham qalban tayyor boʻlmasangiz, sarobga aldanib qolmang!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?